From Wikipedia, the free encyclopedia
O‘yindan keyingi penaltilar seriyasi (rasmiy ravishda – penaltidan zarbalar berish) – futbol o‘yini qoidalariga muvofiq, o‘yin asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda teng hisobda yakunlansa, g‘olibni aniqlash imkonini beruvchi amaliyotlardan biri.
O‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtlarida hisob durang natija bilan yakunlansa, g‘olibni aniqlash maqsadida o‘yin reglamentiga muvofiq penaltilar seriyasi belgilanadi.
FIFA reytingini hisoblashda 11 metrlik zarbalar seriyasi (penaltilar seriyasi)da g‘alaba qozonganda jamoaga o‘yin natijasi uchun – 0,75 ochko (asosiy yoki qo‘shimcha vaqtda qozonilgan g‘alaba uchun – 1 ochko), mag‘lubiyat uchun – 0,5 ochko (durang uchun ham bir xil ochko beriladi; o‘yindagi mag‘lubiyat uchun esa – 0 ochko beriladi) beriladi. Bunday holda agar jamoalardan birining g‘alabasi bilan yakunlangan ikki o‘yinli uchrashuvning ikkinchi o‘yinidan keyin penaltilar seriyasi tayinlangan bo‘lsa, ochkolar oddiy o‘yindagi kabi beriladi, penaltilar inobatga olinmaydi.
Isroil jamoasi 1968-yilgi Olimpiada o‘yinlarining chorak final uchrashuvida Bolgariya terma jamoasiga qur’a bo‘yicha mag‘lub bo‘lganidan keyin isroillik Yosef Dagan zamonaviy penaltilar tizimini ishlab chiqadi. Keyinchalik Isroil futbol assotsiatsiyasining prezidenti bo‘lgan Maykl Almog 1969-yil avgust oyida FIFA News nashrida chop etilgan maktubida Daganning taklifini bayon qilgan . 2006-yilda Deutsche Presse-Agentur agentligi Frankfurt-na-Mayn shahri sobiq hakami Karl Vald 1970-yilda Bavariya futbol assotsiatsiyasiga penaltilar seriyasini taklif qilgani haqida ma’lum qilgan[2] .
1970-yillar boshiga qadar, quyi liga jamoalari orasidagi o‘yinda durang qayd etilgan taqdirda, takroriy o‘yin o‘tkazilgan yoki jamoalar taqdiri qur’a–hakam tomonidan uloqtirilgan tanga yordamida aniqlangan. SSSR terma jamoasi Italiya bilan 0:0 hisobida yakunlangan yarim final o‘yinidan keyin 1968-yilgi Yevropa kubogidan chiqib ketgan. 1973-yilda SSSR chempionatida o‘yin durang bilan yakunlangan taqdirda penaltilar seriyasi qo‘llanilgan. G‘olib 1, mag‘lub jamoa esa 0 ochko olgan. Bu yangilik Minskning ,,Dinamo”siga katta ligaga yo‘llanmani taqdim etgan. ,,Karpati” (Lvov) oddiy to‘purarlik tartibida quyi ligaga tushib ketgan bo‘lardi.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.