From Wikipedia, the free encyclopedia
Musiqali drama – 1) musiqa (vokal va cholgʻu) hamda soʻz sanʼatiga asoslangan sahna asari, musiqali teatr janri. Ilk namunalari Sharq (masalan, V asr Hindiston, XII asr Xitoy)da shakllangan. Mazkur janr Ozarbayjonda 20-asr boshida, Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda 1920-yillarda vujudga kelgan. Musiqali dramada sahna voqealari, qahramonlarning ichki kechinma va holatlari, oʻzaro munosabatlari soʻz, musiqa, dramatik harakat, shuningdek, raqs orqali ifodalanadi, musiqa va soʻz bir-birini toʻldirib, asar mazmunini ochishga xizmat qiladi. Oʻzbekistonda musiqali drama janri 1910—1920-yillardan milliy adabiy-badiiy tomosha sanʼati va musiqa merosi zaminida shakllana boshladi. Uning tarkib topishida oʻzbek xalq tomoshalarida musiqadan foydalanish tajribalari, shuningdek, ozarbayjon teatrining musiqali dramatik spektakllari muhim rol oʻynadi. Hamzaning „Hoy, ishchilar“, „Qarmoq“, „Quzgʻunlar“ kabi inssenirovkalari, „Fargʻona fojiasi“ tetralogiyasi; Gʻulom Zafariyning „Halima“ pyesasi; Xurshidning Navoiy dostonlari asosida yaratilgan „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ asarlarida Musiqali dramaning oʻziga xos jihatlari mustahkamlana boshladi. Oʻzbek musiqali dramasi oʻz taraqqiyotida bir necha davrni bosib oʻtdi. Dastavval pyesaga mos musiqa materiali xalq ijodidan saralab olingan boʻlsa, 1930-yillarning boshida S. Abdullaning „Poʻrtana“, Muzaffar Muhamedov va Komil Yashinning „Ichkarida“ kabi zamonaviy asarlari sahnalashtirilganida xalq musiqa merosi namunalarini qayta ishlashga urgʻu berilgan. Oʻzbek bastakor va kompozitorlari musiqali drama musiqasining ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirishdi. „Layli va Majnun“ (Navoiyning shu nomli dostoni asosida Xurshid librettosi; T. Sodiqov va N. Mironov musiqasi), „Farhod va Shirin“ (Navoiy-Xurshid, V. Uspenskiy), „Gulsara“ (K. Yashin; R. Glier) kabi Musiqali dramalar shular jumlasidandir. Musiqali dramaning adabiy va musiqa jihatidan yuksalishida dramaturglardan K. Yashin, S. Abdulla va bastakor T. Jalilovning xizmatlari katta. Ular qalamiga mansub „Nurxon“, „Ravshan va Zulxumor“ (K. Yashin; T. Jalilov), „Tohir va Zuhra“, „Alpomish“, „Muqimiy“, „Gul va Navroʻz“ (S. Abdulla, T. Jalilov) kabi yetuk Musiqali dramalar mavjud. 1950-yillardan boshlab bu janrda mustaqil ijod qiluvchi oʻzbek kompozitorlari yetishib chikdi: M. Leviyev, A. Muhamedov, S. Boboyev, H. Rahimov. Ik. Akbarov, D. Zokirov, D. Soatqulov, S. Jalil, M. Yusupov, S. Hayitboyev, M. Bafoyev, M. Mahmudov, F. Olimov va boshqa Ular oʻzbek musiqa merosi, Yevropa professional musiqa uslubi, ifoda vositalari va shakllari (jumladan, ariya, duet va boshqa ansambllar, xor va raqs sahnalari)ga tayanib, oʻz Musiqali dramalarida haqiqiy musiqiy dramaturgiya hosil qilishga intilishdi. Dramaturg, kompozitor va ijrochilarning malakasi oshishi natijasida musiqali drama zamonaviy professional musiqali dramatik janr darajasiga koʻtarildi va oʻziga xos xususiyatlariga ega boʻldi. „Vatan ishqi“ (Z. Fatxullin, Sh. Saʼdulla; S. Boboyev), „Momo yer“ (Ch. Aytmatov qissasi asosida T. Tula inssenirovkasi; I. Akbarov musiqasi), „Navoiy Astrobodda“ (I. Maxsumov; Y. Rajabiy, S. Jalil), „Prometey“ (Y. Marsinkyavichyus; M. Bafoyev), „Yusuf va Zulayho“ (R. Bobojon; F. Olimov), „Kumush shahar malikasi“ (I. Sulton; Ik. Akbarov) kabi musiqali dramalar bunga misoldir. Sof drama kabi musiqali drama ham musiqali drama, musiqali fojia, musiqali komediya kabi turlarni oʻz ichiga oladi. Oʻzbek kompozitorlari ijodidan katta urin olgan musiqali komediyani musiqashunoslar mustaqil janr sifatida tadqiq qiladilar; 2) operaning dastlabki nomlaridan biri (italyancha dramma in musica, dramma per(la) musica). XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Italiya (masalan, K. Monteverdi ijodi)da paydo boʻlgan. 1639-yil paydo boʻlgan yangi „opera“ nomi musiqali drama oʻrnini egallay boshlagan. 19-asr oʻrtalarida R. Vagner oʻzining yuksak musiqali-dramatik rivojiga ega boʻlgan „Nibelunglar uzugi“ tetralogiyasi, „Tristan va Izolda“, „Parsifal“ operalarini musiqali drama deb taʼriflagan, M. Musorgskiy esa „Boris Godunov“, „Xovanshchina“ kabi asarlarini xalq musiqali dramalari deb atagan.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.