Animatsion film, multiplikatsion film yoki multfilm – kino sanʼati turi. Kinoasarlari chizilgan (rasmli multiplikatsiya) yoki hajmiy (hajmiy multiplikatsiya) obyektlar harakatining ketma-ket fazalarini suratga olish yoʻli bilan tayyorlanadi. Tasmaga tushirilgan rasmli va hajmiy obrazlarning soniyasiga 24 kadr tezligidagi proyeksiya tasviri ekranda harakatni, yaʼni „jonlanish“ni yuzaga keltiradi.

Thumb
Fantasmagorie (rejissyor Émile Cohl [en], 1908-yil)

Animatsion filmlar rasmli va hajmiy boʻlib, ularning har biri yana chizma, siluetli, qoʻgʻirchoq, barelyefli turlarga boʻlinadi. Keyingi paytda kompyuterli animatsiya ham keng taraqqiy etib boryapti. Multiplikatsiya kinematografiya ixtiro etilguniga qadar bunyod etilgan. Rasmli kino birinchi marta fransuz rassomi va muhandisi Émile Reynaudning ancha mukammalroq moslamasi orqali 1892-yilda namoyish qilingan. Kadrma-kadr suratga olish yoʻsini boʻyicha ishlangan dastlabki rasmli filmlar muallifi – Émile Cohl. Hajmiy multiplikatsiyaning asoschisi rus operatori va rejissyori Vladislas Starevich boʻlib, u „Prekrasnaya Lyukanida, ili Voyna rogachey s usachami“ („Goʻzal Lyukanida yoki Shoxdorlar va moʻylovdorlar urushi“) animatsion filmiga rejissyorlik qilgan. Birinchi rasmli animatsion film – „Jasur chumchuqcha“ (V. Arsentyev, 1969). 1978-yilda „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasi qoshida qoʻgʻirchoq va rasmli filmlar ijodiy uyushmasi tashkil etilgach, rasmli multiplikatsiya janr va mavzu doiralari kengaydi; harakat va voqea tezligiga, yumorga eʼtibor kuchaydi („Kvakva kvarteti“, „Lochin va Yulduz haqida ballada“, „Sehrli samovar“, „Yulduzli ertak“, „Sahroda koʻl“ va boshqalar). 1980-yillarda turlarining imkoniyatlarini almashtirib turish uslubiga asoslanib, yassi qoʻgʻirchoqlardan keng foydalanishga oʻtildi, animatsiya bilan rasmli figura va jonli personajlarni qoʻshib, suratga olish tajribasi ijobiy samara berdi („Qor odam“, „Xrizantemalar bogʻi“, „Begona“, „Xoʻja Nasriddin“, „Oyimning jumboqlari“ va boshqalar). Ichki imkoniyatlardan dadil foydalanishi, umuminsoniy mavzulardan falsafiy xulosalar chiqara olish oʻzbek multiplikatsiyasiga muvaffaqiyat keltirdi. 1984-yil Leypsigda boʻlib oʻtgan 27-Xalqaro festivalda amerikalik fantast yozuvchi Ray Bradbury hikoyasi asosida yaratilgan „Yoqimli yomgʻir yogʻadi“ (rejissyor N. Toʻlaxoʻjayev, rassom S. Alibekov, kompozitor F. Yanov-Yanovskiy) filmi festivalning bosh sovrini „Oltin kabutar“ bilan taqdirlandi. 1987-yilda „Oʻzbektelefilm“ ham oʻzining animatsion filmi „Nonvoy va yalqov“ (rejissyor M. Boymuhamedov) ni yaratdi.

Oʻzbekiston mustaqilligidan soʻng filmlar oʻzbek tilida suratga olina boshladi. Ular „Oʻzbekfilm“ aksiyadorlik jamiyatining multfilmlar ustaxonasida ishlanadi. Oʻzbek mumtoz shoiri va yozuvchilarining adabiy meroslari multiplikatsiya tasviriy vositalari yordamida ekranlashtirilmoqda. Multiplikatsiyaning imkoniyatlari yanada kengayib bormoqda. Zamonaviy suratga olish kinokameralari bilan bir qatorda kompyuter yordamida filmlar yaratishga oʻtilmoqda. „Sindbadning sarguzashtlari“, „Billiardxona voqeasi“, „Bahrom va Dilorom“ (M. Mahmudov), „Oltin ketmon“, „Qora saroy“ (V. Nikitin), „Yaguar quyon“ (D. Vlasov), „Daladagi gullar“ (N. Toʻlaxoʻjayev) va boshqalar 2000-yillarda yaratilgan oʻzbek animatsion filmlariga misollardir. Animatsion filmlar bolalarni oʻzaro yordam, ezgulik, doʻstlik, ahillik, mehnatkash boʻlishga oʻrgatadi. Oʻzbek animatsion filmlarini dunyoga tanitishda rejissyorlardan D. Salimov, N. Toʻlaxoʻjayev, M. Mahmudov, A. Akbarxoʻjayev, D. Vlasov, Qamara Kamolova va boshqalarning xizmatlari katta.

Adabiyotlar


Wikiwand in your browser!

Seamless Wikipedia browsing. On steroids.

Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.

Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.