From Wikipedia, the free encyclopedia
Maʼrifatchilik - madaniyat va maʼnaviyat sohasidagi oqim. Uning negizini fan, bilim imkoniyatlariga katta ishonch tashkil qiladi. Maʼri-fatchilar bilimlar yordamida ijtimoiy hayotdagi nomutanosibliklar va kamchiliklarni bartaraf qilish mumkinligiga ishonganlar. Shu nuqtai nazardan M.ni mafkuraviy, ijtimoiy-falsafiy oqim deyish mumkin. Ilm-fanni egallash va targʻib qilish qad. zamonlarda boshlangan boʻlsada, M. oqim sifatida Gʻarbda 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida, Sharqda esa 19-asrning oxiri — 20-asr boshlarida maydonga keldi.
Yunonistonda Demokrit, Sokrat, Platon, Aristotel singari faylasuflar, Qad. Xitoyda Konfutsiy, Oʻrta Osiyoda Kaykovus, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi allomalar fanning ulkan ahamiyatini eʼtirof etib, keng targʻib qilganlar. Ularning gʻoyalari tom maʼnodagi M. gʻoyalari edi. M. Gʻarbda ham, Sharqsa ham bir necha umumiy xususiyatga ega boʻlib, diniy aqidapara-stlikka qarshi qaratilgan va turlicha davom etgan. Gʻarb maʼrifatchiligining Volter, Monteskye, Kondilyak, La-metri, Golbax, Didro, Gelvetsii, Mabli, Morelli, Kondorse va boshqa vakillari diniy aqidaparastlikni tanqid qilish bilan cheklanmay, umuman dinga qarshi kurash olib bordilar. Gʻarb maʼrifatchiligi dahriylik xususiyatini kasb etdi, bu uning asosiy belgilaridan biriga aylandi.
Sharq maʼrifatchiligi umuman dinga qarshi emas, balki diniy aqidaparastlikka qarshi boʻldi. Sharqdagi M.ning yirik namoyandalari Ismoil-bek Gasprinskiy, Zakiy Validiy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Fitrat, Munav-varqori, Abdulla Avloniy kabilar diniy aqidaparastlikka qarshi keskin kurash olib bordilar, lekin bu kurash dahriylik mavqeidan emas, moʻʼtadil dindorlik mavqeidan olib borildi. Ularning kupi dindor, baʼzilari esa (M. Behbudiy) diniy ulamo boʻlgan. Gʻarb maʼrifatchiligi zamindorlar va monarxiyaga qarshi kurash bayrogʻi ostida oʻtdi. 1789-yil Buyuk fransuz inqilobish keltirib chiqargan sabablar orasida M. muhim oʻrin tutadi. Sharq, xususan, Oʻrta Osiyo maʼrifatchilari keskin siyosiy talablarni olgʻa surishmadi. Ular jamiyatni savodli qilish orqali adolatli va farovon turmushga erishmoqchi boʻldilar. Gʻarbda maʼrifatchilar koʻproq tabiiy fanlarga murojaat qilishdi. Chunki yuqorida nomlari zikr etilgan gʻarblik maʼrifatchilarning deyarli barchasi ayni paytda tabiatshunos olim boʻlib, ularning koʻpchiligi tabiatshunoslik rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan. Sharkda faqat tabiiy fanlarga emas, umuman ilm-fanga, sogʻlom fikrga, mantiqqa murojaat qilishdi. Ular xalqni roʻshnolikka chiqarishning asosiy yoʻli — uni savodli qilish, ortiqcha sarfharajatlar talab qiladigan marosimlarga qarshi kurashda deb bilishdi. Shu bilan birga, ular diniy aqidaparastlikka qarshi kurashda faqat dunyoviy fanlardan emas, Qurʼon oyatlari va paygʻambar hadislaridan ham foydalanishdi, zero ularning koʻpchiligi mu-ayyan diniy bilimlarni ham egallagan edi.
Gʻarb maʼrifatchilari cherkov tomonidan taʼqib va tazyiq ostiga olindi. Lekin 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida Yevropada demokratik muassasalar tarkib topa boshlagani, soʻz erkinligi va vijdon erkinligi tamoyillari amal qila boshlagani uchun cherkov ularga sezilarli zarba bera olmadi. Oʻrta Osiyoda esa 19-asr soʻnggi choragida rivojlana boshlagan M. harakati vakillari koʻplab qurbon berdilar. 20-asr boshida jadidlar harakati (qarang Jadidchilik) ikkiga boʻlinib, aqidaparastlar kuchayib keta boshlagach, maʼrifatchilar koʻp talofat kura boshladilar. Ularning koʻp qismi taʼqib va sazoyi qilindi. 1918—19 yillarda aqidaparast ulamolarning fatvosi bilan minglab maʼrifatchilar va ularga xayrixoh kishilar jismonan yoʻqotildi. Shoʻrolar davri tarix va falsafa fanida maʼrifatchilarga idealizm vakillari, deb baho berilgan. Chunki maʼrifatchilar jamiyatni rivojlantirishga inqilobiy toʻntarishlar bilan emas, yaxshilikni, adolatni, bilimlarni targʻib qilish yoʻli bilan erishmoqchi boʻlgan edilar. Shoʻrolar davlati siyosiy amaliyotida esa ularga xalq dushmanlari yorligʻi yopishtirildi, ular jazolandi yoki qatl etidsi.
Oʻzbekistonda mustaqillik qoʻlga kiritilgach, maʼrifatchilarga istiqlolning maʼnaviynazariy asoschilari deb baho berish ustuvorlik qila boshladi. Aslida rus mustamlakachiligi davrida maʼrifatchilar orasida Rossiya bilan birga rivojlanishni targʻib qiluvchilar oz emasdi. Qanday boʻlmasin, maʼrifatchilar xalqimizning madaniy, maʼnaviy rivojlanish tarixida katta oʻrin tutadi.
Ad:. Oyina (1914-1915-yil), T., 2001; Sharafuddinov O., Istikdol fidokorlari: Mustafo Choʻqay, Choʻlpon, Otajon Hoshim, T., 1993; Karimov N., Milliy ozodlik kurashchilari va adabiyot, T., 1997; Jadidlik va milliy istiqlol tantanasi (Ilmiy maqolalar toʻplami), T., 2002.
Abdullajon Begmatov.[1]
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.