From Wikipedia, the free encyclopedia
Elat — kishilarning til, hudud, iqtisodiy va madaniy jihatdan tarixan tarkib topgan millatdat oldingi birligi. elat qabila bilan millat orasidagi etnik birlikning koʻrinishidir. elatning shakllanishiga bir-biriga yaqin bir necha qabilalarning uyushuvi asos boʻlgan. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning maʼlum bir bosqichida qabilalar orasidagi etnik, xoʻjalik, moddiy va madaniy aloqalarning tobora rivojlanib borishi natijasida bir qancha qabilalar birlashadilar. Natijada etnik birliknpng yangi turi vujudga keladi. Bu elat deyilib, maʼlum tarixiy sharoitda hududiy, iqtisodiy, til va madaniy umumiylik asosida shakllanadi.
elat (asosi "el") atamasi oʻtmishda keng maʼnoda qoʻllangan; xalq, davlat, qabila, qabila ittifoqi, maʼlum bir qabila yoki hudud fuqarolarini anglatgan. Turli elatlarning hudud jihatidan oʻzaro yaqinlashuvi urugʻ va qabila guruhlaridagi kishilarning qonqarindoshlik aloqalarini kuchaytirgan. elatning shakllanishi turli tarixiy davrlarda oʻziga xos holda kechgan. Mas, elat Qadimgi Misr, Mesopotamiyada davlat uyushmalarining paydo boʻlishi bilan shakllana boshlagan boʻlsa, Yevropada elatlar (qad. rus, polyak, fransuz va boshqalar) shakllanish jarayoni ilk oʻrta asrlardan boshlangan. Yer sharining qolgan qitʼalarida bu jarayon keyinchalik ham davom etgan. elat til jihatidan oʻzaro yaqin qabilalarning uyushuvi (polyak elati, slavyan qabilalari — polyak, visdyan, mazovshan va boshqalardan) yoki bir qabilaning boshqasi tomonidan istilo qilinishi natijasida shakllangan etnik komponentlar (fransuz elati, — gall qabilalari; rim kolonistlari va german qabilalari — franklar, vestgotlar, burgundlar va boshqalar). birining tili umumiy tilga, qolgan qabilalar tillari esa dialekt (sheva) holida saqlangan yoki butunlay yoʻqolib ketgan. Natijada yagona nom, hudud, madaniy va xoʻjalik jihatidan umumiylik yuzaga kelgan. Davlatning paydo boʻlishi bilan elatning mustahkamlanishiga imkoniyat paydo boʻlgan. Rivojlangan oʻrta asrlarda Yevropa va Osiyoning koʻpgina mamlakatlarida elat toʻla shakllandi. elat munosabatlarining taraqqiy etishi, iqtisodiy va madaniy aloqalarning kuchayishi bilan elatlar millatga aylandi. Koʻpincha bir millatning shakllanish jarayonida bir necha elat qatnashgan. qadimiy rus millati asosida ukrain va belorus elatlari vujudga kelgan va keyinchalik millat boʻlib tarkib topgan.
Turli obyektiv sabablarga koʻra, oʻz rivojlanishidan orqada qolgan koʻpgina elatlar (asosan, kichik elatlar) millatga aylanmasligi ham mumkin. Ular davr oʻtishi bilan iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlangan boshqa elat va millatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga oʻtishi natijasida ilgʻor xalqning maʼnaviyatini, tilini oʻzlashtiradi va oʻsha millatning tarkibiga qoʻshilib ketadi.
Qadimda hozirgi Oʻzbekiston hududlarida va unga tutash mintaqalarda bir necha elatlar vujudga kelgan: baqtriyaliklar, xorazmliklar, sugʻdiylar, qangarlar, fargʻonaliklar. Ammo bu elatlar kishilik jamiyatining maʼlum bir tarixiy taraqqiyoti davomida inqirozga uchrab, ilk oʻrta asrlarda yangi elatlar — turk, uygʻur, oʻgʻuz, tojik va oʻzbek elatlari tashkil topgan. Ushbu elatlarning barchasi ham toʻliq elat boʻlib shakllanmadi. Turli ijtimoiy-siyosiy va tarixiy omillar sababli bu elatlarning ayrimlari parchalanib ketdi va shakllanishi davom etayotgan elatlarning etnogenetik jarayonlariga sezilarli taʼsir oʻtkazdi. Mas, turk, oʻgʻuz, uygʻurlarning parchalanib ketishidan keyingi etnik jihatdan birmuncha oʻzgargan avlodlari oʻzbek elatining etnogenetik jarayonida qatnashgan.
Xullas, iqtisodiyxoʻjalik, madaniy va etnik jarayonlarning tobora rivojlanishi natijasida bir necha qabilalarning birlashuvi jarayonida vujudga kelgan elat etnik hududiy, iqtisodiy til va etnomadaniy umumiylik asosida shakllangan.
Ochil Boʻriyev, Asror Qayumov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.