Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Buxoro XSR, BXSR (ruscha: Бухарская Народная Советская Республика; tojikcha: Ҷумҳурии Халқии Шӯравии Бухоро) – Buxoro amirligida amirlik tuzumi agʻdarib tashlangach, yuzaga kelgan xalq respublikasi. Maydoni 182,193 ming km², aholisi taxminan 2,2 million kishidan ortiq boʻlib, asosan oʻzbeklar, tojiklar va turkmanlar, qisman qozoq, qoraqalpoq, tatar va buxoro yahudiylari yashagan. Buxoro XSR Xorazm Xalq Sovet Respublikasi, Turkiston ASSR va Afgʻoniston davlatlari bilan chegaradosh boʻlib, poytaxti Buxoro shahri boʻlgan.
1920-1925 | |||||||||||
Tarixiy era | XX asr | ||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| |||||||||||
Hozirda hududida quyidagilar mavjud |
Oʻzbekiston Turkmaniston |
Buxoro XSR 1920-yil 8-oktabrda tuzilgan. 1924-yil 19-sentabrda Buxoro XSR nomi Buxoro Sotsialistik Sovet Respublikasi (Buxoro SSR) (ruscha: Бухарская Социалистическая Советская Республика) deb oʻzgartirilgan[1]. Oʻrta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralarini belgilash jarayoni ortidan Buxoro SSR hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR hamda Tojikiston ASSR (1929-yildan Tojikiston SSR) tarkibiga kiritilgan.
Tarixi
Buxoro amirligining tugatilishi
Sharqdagi yirik davlatlardan biri hisoblangan Buxoro amirligi 1868-yilga kelib Podsho Rossiyasining yarim mustamlakasiga aylanganidan soʻng xalqning tirikchiligi ilgarigidan ham ogʻirlashgan. Amirlikdagi xalq qoʻzgʻolonlari podsho Rossiyasi qoʻshinlari yordamida bostirilgan. Rus maʼmurlari amirlikda katta imtiyozlarga ega boʻlgan. Rossiyadagi demokratik jarayonlar, 1908-yil Turkiyada boʻlgan Yosh turklar inqilobi, xususan Petrograddagi 1917-yil fevral inqilobidan keyin amirlik hududida jadidchilik va undan oʻsib chiqqan Yosh buxoroliklar harakati kuchaydi.
1917-yil 7-aprelda Amir Olimxon mamlakatda islohotlar oʻtkazish toʻgʻrisida farmon chiqardi. Lekin amirning bu farmoni amalda joriy qilinmadi. Jadidlar Buxoro shahrida namoyish uyushtirgandan soʻng, mamlakatda ularni yoppasiga taʼqib qilish boshlandi. 1917-yil Oktabr inqilobidan keyin Rossiya bilan Buxoro amirligi oʻrtasida munosabatlar yomonlashdi. Turkiston XKS Buxoro davlatiga gʻanimlik qilib, amir hukumatini kuch bilan agʻdarishga urindi. Bolsheviklar shu maqsadda yosh buxorolik jadidlarni qoʻllab-quvvatlashdi. 1918-yil mart oyida Turkiston oʻlkasi XKS raisi Fyodor Kolesov qoʻmondonligidagi qizil askarlar mamlakat poytaxti Buxoro shahriga hujum uyushtirdilar. Ularning hujumi muvaffaqiyatsiz tugagan boʻlsa ham, Buxorodagi siyosiy tuzumni oʻzgartirish uchun urinish toʻxtamadi. Amir Olimxon mamlakat taqdiri hal qilinayotgan ushbu fursatda muxolifatdagi yosh buxoroliklar firqasi (partiyasi) arboblari bilan til topisha olmadi. U mamlakatda konstitutsion monarxiya va demokratik tartibotlarni oʻrnatmoqchi boʻlgan jadidlar – yosh buxoroliklarni yoʻqotish yoʻlini tutdi. Fayzulla Xoʻjayevning taʼkidlashicha, Kolesov voqeasidan keyin amir mamlakatda 3000 kishini qatl qilgan. Buxorolik adib Sadriddin Ayniyning yozishicha, faqat poytaxt – eski Buxoro emas, balki Gʻijduvon, Shofirkon, Vobkent, Qorakoʻl, Chorjoʻy, Xatirchi, Karmana, Qarshi, Shahrisabz bekliklarida ham minglab kishilar jadidlikda ayblanib nohaq oʻldirildi. Buxorolik jadidlarning tirik qolgan vakillari Samarqand, Toshkent va Moskvaga joʻnab ketishga majbur boʻlishdi, yosh buxoroliklarning bir qismi 1918-yil yozida Toshkentda Buxoro Kompartiyasini tuzishdi, Xoʻjayev Moskvadagi muhojirligi davrida – 1918-yil oktabrida Turkiston respublikasining Rossiya SFSR hukumati huzuridagi muxtor vakolatxonasi qoshida yosh buxoroliklar partiyasi boʻlimini tashkil qildi. 1920-yil yanvarda Toshkentda Xoʻjayev boshchiligida inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi tashkil qilindi. Bolsheviklar yosh buxoroliklardan amirlik hokimiyatini agʻdarishda foydalandilar. Ular ham taktik maqsadlarni koʻzlagan holda bolsheviklarga yaqinlashishdi. 1920-yil 25-avgustda rus qoʻmondoni Mixail Frunze Turkfront qoʻshinlariga „qoʻzgʻolon koʻtargan Buxoro mehnatkashlariga yordam koʻrsatish toʻgʻrisida“ buyruq berdi. 1920-yil 2-sentabrda Turkfront qoʻshinlari amirlik hokimiyatini agʻdarib tashladi.
Buxoro XSRning tuzilishi
1920-yil 14-sentabrda boʻlgan Xalq Nozirlar Shoʻrosi, Revkom va BKP MKning umumiy yigʻilishida 9 kishidan iborat Butun Buxoro inqilobiy qoʻmitasi (raisi Abdulqodir Muhitdinov) va respublika hukumati – 11 kishidan iborat Xalq Nozirlar Shoʻrosi (raisi Fayzulla Xoʻjayev) tuzildi. Buxoro inqilobiy qoʻmitasining aʼzolari qilib Muinjon Aminov, Olimjon Akchurin, Abdulhamid Oripov, Sobir Yusupov, Hoji Hasan Ibrohimov, Fayzulla Xoʻjayev, Qulmuhamedov tayinlandi. Mamlakatni boshqarish maqsadida tuzilgan Buxoro Xalq Nozirlar Shoʻrosi tarkibi quyidagicha edi: rais va xorijiy tashqi ishlar (nozir – Fayzulla Xoʻjayev), maorif (Qori Yoʻldosh Poʻlatov), ichki (doxiliya) ishlar (Muso Saidjonov), moliya (Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev), davlat nazorati (N. Husainov), favqulodda komissiya (raisi – Ibrohimov), adliya (Mukammil Burhonov), harbiy (Shihobuddinov), savdo va sanoat (M. Mansurov) nozirliklari. Bu paytga kelib inqilobchi yosh buxoroliklar firqasi aʼzolari Buxoro Kompartiyasi safiga kirishga majbur boʻlgan edilar. Ushbu oʻrinda taʼkidlash joizki, asosan jadidlardan tashkil topgan Buxoro hukumati oʻsha paytda maʼlumotli kishilar yigʻilgan hukumatlardan biri hisoblangan. Nozirlar Buxoro, Istanbul, Moskva va boshqa shaharlarda taʼlim olishgan edi. Buxoro jadidlari oʻzlarining islohotchilik gʻoyalarini yangi hukumatdagi faoliyatlari davomida amalga oshirishga harakat qildilar.
1920-yil 6-8-oktabr kunlarida amirning yozgi saroyi – Sitorai Mohi Xosada chaqirilgan Butun Buxoro xalq vakillarining 1-qurultoyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligi tantanali ravishda eʼlon qilindi. Bu davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida oʻrta asrchilik anʼanalari meros qolgan amir Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi. Qurultoy davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi boʻlgan Buxoro inqilobiy qoʻmitasi (Markaziy Revkom), Buxoro Xalq Nozirlar Shoʻrosi – dastlabki hukumat tarkibini uzil-kesil tasdiqladi. Ularning vakolat muddati 2-qurultoygacha uzaytirildi. Ushbu qurultoyda Isidor Lyubimov Rossiya SFSR hukumati Buxoro Respublikasining mustaqilligini tan olganligini aytishga shoshildi. 1920-yil oktabr-noyabr oylarida Buxoro XSR bilan Rossiya SFSR oʻrtasida muvaqqat harbiy-siyosiy ahdlashuv va shartnoma tuzildi. 1921-yil 4-martda har ikki davlat oʻrtasida „Ittifoq shartnomasi“ imzolandi. Ushbu shartnomalar mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi. „Ittifoq shartnomasi“ mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qoʻshinlari turishini „qonuniy“ asoslab berdiki, mazkur hol Buxoro XSR ichki ishlariga Rossiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy jihatdan qurolli aralashuvidan boshqa narsa emas edi. Buxoro hukumati oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri yer-suv masalasini hal qilish edi. 1920-yil 30-sentabrda Buxoro Markaziy Revkomi „Yer toʻgʻrisida“gi dekretni qabul qildi. Dekretga muvofiq, sobiq amir, uning qarindoshlari va amaldorlari qoʻlidagi butun yer-mulk kambagʻal va yersiz dehqonlarga berilishi kerak edi. Shuningdek, dekretga koʻra, „xiroj“, „amlok“ va boshqa soliqlar bekor qilindi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, faqat Eski Buxoro tumanlari va Chorjoʻy bekligida sobiq amir va beklarga qarashli 10 000 tanob yer musodara qilinib, kambagʻal dehqonlarga taqsimlab berildi. Yangi tuzum va uning ijobiy chora-tadbirlarini aholi maʼqullab kutib oldi. Joylarda inqilobiy qoʻmitalar tuzildi. Biroq yangi hokimiyat tomonidan mulkdorlar tabaqasiga nisbatan koʻrilgan qattiq choralar, ularga tegishli butun mol-mulkning musodara qilinishi, saroy aʼyonlari va amir amaldorlarining yoppasiga hibsga olinishi va otib tashlanishi, amir xazinasining Moskvaga olib ketilishi, majburiy oziq-ovqat „razvyorstkasi“ va uning qattiqqoʻllik bilan amalga oshirilishi, Islom dini va ulamolarga nisbatan dushmanlik siyosati, respublika hududida turgan qizil armiya taʼminotining aholi zimmasiga yuklatilishi, buning ustiga, qizil askarlarning bosqinchilik va talonchilik „faoliyati“ haqqoniy ravishda xalqning kuchli noroziligiga sabab boʻldi. Respublikadagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar ham keskinlashdi. Yosh davlat yetakchisi Fayzulla Xoʻjayev murakkab va ogʻir sharoitda ishlashga majbur boʻldi. Buxoro hukumati ichida siyosiy boʻlinish kuchaydi. Bir tarafdan, Buxoro Kompartiyasi ichidagi „soʻl“ va „oʻng“ kommunistlarga qarshi gʻoyaviy jihatdan kurash olib borishga toʻgʻri kelsa, ikkinchi tarafdan, Rossiya SFSR va uning favqulodda organlari boʻlgan Turkkomissiya, Turkbyuro yosh „mustaqil davlat“ning bosgan har bir qadamini sergaklik bilan nazorat qilib turar edi. Shunday boʻlishiga qaramasdan Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Otaulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, M. Aminov, Muso Saidjonov, Sattor Xoʻjayev, M. Mansurov, Abdulqodir Muhitdinov va boshqalar hukumatda demokratik yoʻl tutib, moʻtadil mavqeda turdilar. Ular Buxoro XSRning amalda mustaqil boʻlishi, eʼtiqod erkinligi, islohotlar oʻtkazish zarurligini yoqlab chiqdilar.
Buxoro XSR Konstitutsiyasi
1921-yil 18-23-sentabrda boʻlgan Butun Buxoro xalq vakillarining 2-qurultoyida demokratik ruhdagi Buxoro XSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Buxoro tarixidagi dastlabki Konstitutsiya fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklarini qonun yoʻli bilan mustahkamladi. Konstitutsiyada davlatni idora etish uchun xalqning barcha tabaqa vakillarining ishtiroki taʼminlandi. Xususiy mulk va savdo-sotiq erkinliklari konstitutsiyada oʻz ifodasini topdi. Buxoroda oʻrnatilgan tuzum xalq demokratik respublikasi edi. Buxoro XSRning konstitutsiyasi barcha fuqarolarga teng siyosiy huquq berdi, milliy tengsizlikni yoʻqotdi. Konstitutsiyaga koʻra, Buxoro XSRning oliy organi – Butun Buxoro xalq vakillari qurultoyi boʻlib, u har 2 000 saylovchiga bir vakil saylanadigan 350 aʼzodan iborat edi. Qurultoy yiliga bir marta chaqirilar va unda respublika konstitutsiyasini qabul qilish, oʻzgarishlar kiritish, hukumatning hisoboti va davlat byudjetni tasdiqlash kabi muhim masalalar koʻrilar edi. Konstitutsiyaga koʻra, qurultoylar oʻrtasida qonun chiqaruvchi va nazorat qiluvchi oliy organ – Butun Buxoro MIK hisoblanadi. Qurultoyda Butun Buxoro MIK raisi qilib Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev saylandi (1922-yil avgustda boʻlgan 3-qurultoyda bu lavozimni Porso Xoʻjayev egalladi). Konstitutsiyaga muvofiq Xalq Nozirlar Shoʻrosi davlat hokimiyatini ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi sifatidagi oʻz vazifasini saqlab qoldi. Qurultoyda milliy masalaga katta eʼtibor berildi. Buxoro MIK huzurida Omongeldi Omonov boshchiligida Turkman boʻlimi tuzildi. Keyinchalik shu asosda Turkman avtonom viloyati tashkil qilinib, unga milliy muxtoriyat huquqi berildi. Turkman va tojik xalqi uchun madaniy-maʼrifiy va boshqa muassasalar ochildi.
Buxoro XSR hukumatining sovetlashtirilishi
Buxorodagi demokratik jarayonlarga mamlakat tashqarisidan tazyiq tobora kuchayib bordi. 1923-yil 3-iyunda Buxoroga Sovet Ittifoqi Qurolli Kuchlarining Bosh qoʻmondoni Sergey Kamenev, Turkfront Inqilobiy Harbiy Kengash raisi Avgust Kork, RKP (b) MK Oʻrta Osiyo byurosi aʼzosi Mixaylov va boshqalar kelishdi. Ular Buxoro hukumati faoliyatidan qoniqmayotganliklarini ochiq aytib, sotsialistik oʻzgarishlarni jadallashtirish kerakligini taʼkidlashdi.
Oradan koʻp oʻtmay – 12-iyunda RKP(b) MK Siyosiy byurosi maxsus qaror qabul qilib, Buxoro hukumatini sovetlashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi. Sovet hukumati oʻz buyruqlarini tez va qarshiliksiz amalga oshirish uchun RKP(b) MK kotibi Yan Rudzutakni Buxoroga joʻnatdi. 23-iyunda RKP(b) MK yopiq plenumida Rudzutak ishtirok qilib, Buxoro hukumati rahbarlari va mahalliy kommunistlar oldiga qatʼiy talablarni qoʻydi. Fayzulla Xoʻjayevning eng yaqin safdoshlari boʻlgan sobiq yosh buxorolik jadidlar Otaulla Xoʻjayev (tashqi ishlar noziri), Fitrat (maorif noziri), Sattor Xoʻjayev (moliya noziri), Muinjon Aminov (EKOSO raisi) lavozimlaridan chetlashtirilib, Buxoro davlati hududidan chiqarib yuborildi. Qori Yoʻldosh Poʻlatov, Rahimjon Yusufzoda, Muzahar Maxsum Burhonov, Hoji Hamro Yoʻldoshev ham masʼul lavozimlardan olib tashlandi. Buxoro hukumati Moskva va Toshkentning „kommunistcha sabogʻi“ni olgan „tajribali sovet xodimlari“ bilan toʻldirildi. Plenumning oʻzida Buxoro Kompartiyasi MK kotibi Muhametdinov oʻrniga A. Rahimboyev Buxoro Kompartiyasi MK masʼul kotibi qilib saylandi. Hukumatda Turkistondan yuborilgan emissarlarning taʼsiri kuchayib bordi.
Inqilobiy ekstremistik unsurlar bu bilan cheklanib qolmasdan, 14-avgustda boʻlgan Buxoro MIK favqulodda sessiyasida Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritishga ham muvaffaq boʻldilar. 1923-yil 11-17-oktabrda boʻlgan Butun Buxoro 4-qurultoyi Konstitutsiyani oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qarorni tasdiqladi. Unga binoan barcha savdogar, mulkdor va sobiq amaldorlar saylov huquqidan mahrum qilindi. Ammo ishchi va kosiblarning saylov huquqi kengaytirildi. Shuningdek, qurultoyda jamiyatda ijtimoiy beqarorlikni kuchaytiradigan „Sovet qurilishi toʻgʻrisida“ maxsus qaror qabul qilindi. Jamiyat tobora siyosiylashib bordi. Buxoroda oʻtkazilayotgan demokratik islohotlarning taqdiri xavf ostida qoldi. Markazning talabi bilan mamlakatda sunʼiy ravishda sotsialistik qayta qurishlarni amalga oshirishga kirishildi. Respublikadagi bu keskin siyosiy vaziyat qurolli muxolifat harakatining kuchayishida ham oʻz ifodasini topdi. Buxoroda amir hokimiyati agʻdarib tashlangan dastlabki haftalardayoq mamlakatning gʻarbiy, markaziy va sharqiy qismlarida qizil armiyaning bosqinchilik siyosati va bolsheviklar zulmiga qarshi istiqlolchilik harakati boshlangan edi.
Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi
1924-yil 18-20-sentabrida Butun Buxoro xalq vakillarining 5-qurultoyi boʻlib oʻtdi. Qurultoy 19-sentabrda Buxori XSRni Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasiga (Buxoro SSR) aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Buxoro SSRning tuzilishi yuqoridan turib sunʼiy tarzda amalga oshirilgan hodisa edi. Natijada taraqqiyotning demokratik yoʻli inkor qilinib, sotsialistik yoʻnalish tanlandi. Markazdagi bolshevik rahbarlarining Buxoro va Xorazm xalq respublikalarini sotsialistik respublikaga aylantirishdan koʻzda tutgan asosiy maqsadlari mahalliy xalqlarni tezroq sovetlashtirish va ruslashtirish, ularning ongiga kommunizm mafkurasini singdirish edi. Sharqda „sotsializmning porloq gʻalabasi“ni taʼminlash uchun bu juda zarur edi. Qurultoyda Fayzulla Xoʻjayev hukumatning ishi toʻgʻrisida hisobot berdi va „Oʻrta Osiyoning milliy davlat chegaralanishi toʻgʻrisida“ maʼruza qildi.
Qurultoy qatnashchilari xalq hukumatining 4 yillik ish faoliyati yakunlarini chiqarib, Oʻrta Osiyoda milliy respublikalar tuzish zarurligini yoqlashdi. 1924-yil 18-noyabrda Turkiston ASSR, Buxoro SSR va Xorazm SSR MIKlari qoʻshma qaror qabul qildilar va shu qarorga binoan oʻz vakolatlarini Oʻzbekiston SSR Sovetlarining Taʼsis qurultoyiga qadar ish koʻrib kelgan Fayzulla Xoʻjayev raisligida yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komitetiga topshirdilar. Shunday qilib, Oʻrta Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi deb atalmish tadbir asosida 1924-yil noyabr oyi oxirida Buxoro SSR tugatilib, uning hududi yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR va Tojikiston ASSR (1929-yildan Tojikiston SSR)ga kiritildi.
Iqtisodi
1923-yil mart oyida Turkiston, Buxoro va Xorazm iqtisodiy jihatdan birlashtirildi va uni boshqarish uchun Oʻrta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (Sredaz EKOSO) tuzildi. Fayzulla Xoʻjayev Oʻrta Osiyoning iqtisodiy jihatdan birlashuvi toʻgʻrisidagi fikrni boshida qoʻllab-quvvatlamadi. Chunki u iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, hatto mintaqa xalq xoʻjaligi istiqbollari toʻgʻrisida qaror qabul qilishgacha boʻlgan barcha ishlar markaz qoʻliga oʻtayotganligini eng avvalo sezgan va bu siyosatning mashʼum oqibatlarini chuqur tushungan arbob edi. Oʻzi kuchli iqtisodchi boʻlgan Xoʻjayev Buxoro tomonidan Rossiya va Turkistonga yetkazib beriladigan mollarga aniq tovar ekvivalenti belgilash zarurligi toʻgʻrisida ayniqsa tashvishlanib gapirar edi. Buxoro hududida joylashgan Rossiya qoʻshinlari Buxoro davlatining oziq-ovqati va yem-xashagi bilan taʼminlanar edi. Hukumat boshligʻi Fayzulla Xoʻjayev Rossiya qoʻshinlari sonini 15 000 kishigacha qisqartirish toʻgʻrisidagi masalani Moskva oldiga bir necha marta qoʻydi.
Buxoro respublikasidagi iqtisodiy siyosat va xoʻjalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Buxoro inqilobiy qoʻmitasining 1921-yil 5-yanvardagi dekreti hamma yerlarni umumxalq mulki deb eʼlon qildi. Vaqf yerlari tugatildi, ayrim toifadagi xoʻjaliklarning chorva mollari va mulklari musodara qilindi. Sugʻorish tizimi izdan chiqdi, ekin maydonlari qisqarib, chorva mollarining soni kamayib ketdi.
Shu bilan bir vaqtda koʻplab ijobiy ishlar ham amalga oshirildi. 1921-yil kuzida yerni tortib olish bekor qilindi. Buxoro MIKning umumiy afv toʻgʻrisidagi 1922-yil 25-may dekretida vaqflarni tugatishni toʻxtatish, qozixonalar ishini, shariat koʻrsatmalarini tiklash va boshqalarni eʼlon qildi. Oʻsha yilning noyabrida yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ga oʻtish eʼlon etildi. Buxoro davlat banki tuzilib, pul islohoti amalga oshirildi. Dehqonlarni moddiy ragʻbatlantirish choralari koʻrildi. Bu qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlanishiga olib keldi. 1923-yil sugʻoriladigan yerlar maydoni 1913-yildagi darajaga yaqinlashib qoldi (92,3%). Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tiklanib, zavod va fabrikalar qaytadan ishga tushdi. Bu paytga kelib Buxoro respublikasida 19 ta korxona, 500 dan ortiq bozor ishlab turdi, xususiy sarmoya 12 000 savdogarlar mablagʻidan iborat boʻldi. 1923-yil 4 ta aralash aksionerlik jamiyati, 30 ta yirik savdo firmalari faoliyat koʻrsatayotgan edi. Davlat savdosi va kooperatsiyasiga berilgan yordam oʻz samarasini koʻrsatdi.
Geografik boʻlinishi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (Buxoro XSR) 182,193 km² (70345 kv milya) maydonga ega boʻlib, 2,2 milliondan ortiq aholi yashagan. Aholining asosiy qismini oʻzbeklar, tojiklar va turkmanlar tashkil etgan[2]. Buxoro XSR (1920-yildan 1924-yilgacha mavjud boʻlgan) 1918-yil aprelda Rossiya Turkistoni hududida tuzilgan Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (Turkiston ASSR) tarkibidagi yirik anklav edi. Buxoro XSR Xorazm XSR bilan birgalikda shimoli-gʻarbdan janubi-sharqga qarab Turkiston ASSRni ikki alohida qismga boʻlgan kamar shaklida choʻzilgan: janubi-gʻarbdagi kichik qism, Buxoro XSR tarkibiga kirgan Amudaryoning janubiy qirgʻogʻi hozirgi Turkmaniston davlatiga toʻgʻri keladi. Shimoli-sharqidagi ancha katta qismi hozirgi Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston hududlariga toʻgʻri keladi. Buxoro XSR ning janubiy chegarasi shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa tomon Amudaryoning janubiy qirgʻogʻi boʻylab Termizgacha, soʻngra Panj boʻylab Gʻarbiy Pomirga choʻzilib, uning janubi-sharqiy chekka nuqtasida Langargacha yetib borgan. BXSR shimoli-sharqda Samarqand viloyati, sharqda Fargʻona viloyatining janubiy qismi bilan chegaradosh edi. BXSRning shimoliy chegarasi gʻarbda Xiva shahriga yaqinlashib, bugungi Oʻzbekistondagi Qoraqalpogʻiston va Navoiy viloyatiga toʻgʻri keldi.
Buxoro Xalq jumhuriyati ham oʻz taʼsir kuchi ostida Buxoro amirligi singari Gʻarbiy Buxoroga, jumladan Buxoro va Qarshi shaharlariga va Sharqiy Buxoroga, taxminan Hisordan Gʻarbiy Pomirgacha boʻlinib ketgan. 1924-yilda Oʻrta Osiyoning milliy chegaralanishi jarayonida Gʻarbiy Buxoro yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston SSR tarkibiga kiritiladi (Amudaryoning janubiy qirgʻogʻi bilan Turkman SSRga oʻtgan Chorjoʻy shahri bundan mustasno), Sharqiy Buxoro esa Hisordan Gʻarbiy Pomir Tojikiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga (Tojik ASSR) berilgan va shu tariqa 1929-yilda tuzilgan Tojikiston SSR tarkibiga kirdi.
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
Wikiwand in your browser!
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.