From Wikipedia, the free encyclopedia
Baliqchilik — xalq xoʻjaligining suv havzalarida baliq zaxirasini koʻpaytirish va sifatini yaxshilash bilan shugʻullanuvchi sohasi; baliq oʻstirish tadbirlari (baliqni sunʼiy usulda koʻpaytirish va uni yangi sharoitga oʻrgatish, yangi zot baliqlar yetishtirish, suv havzalarining meliorativ holatini yaxshilash)ning biologik asoslarini va asosiy baliq oʻstirish jarayonlari (voyaga yetgan baliqlarni ovlash, baliq tuxumini ochirish, baliq boqish va boshqalar)ning biotexnikasini ishlab chiquvchi fan. Baliqchiliktabiiy suv havzalari baliqchiligiga va sunʼiy hovuz baliqchiligiga boʻlinadi. Baliqchilikda suv havzalarining meliorativ holati yaxshilanadi, baliq sunʼiy urchitiladi, baliqpar tuxum qoʻyadigan va yosh baliqchalar oʻsadigan joylarda tegishli sharoit yaratiladi; baliqlarning tuxum qoʻyadigan joylari tozalanadi, daryo toʻgʻonlariga baliq yoʻli yasaladi, sunʼiy tuxum qoʻyish joylari tayyorlanadi. Tabiiy suv havzalarida baliqlarni sunʼiy urchitish, ovlanadigan baliqlar miqdorini koʻpaytirish yoki ularni yangi zot baliqlar bilan almashtirish ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun maxsus baliq zavodlari quriladi. Baliq oʻstirish maqsadida suv omborlaridan foydalanish, boshqa zot baliqlarni mazkur joyga olib kelib iqlimlashtirish ham Baliqchilikning asosiy vazifasidir. Buning uchun suv omborlari baliq ovlashga xalaqit beradigan buta va maxsus oʻtlardan tozalanadi, yosh baliqchalarni koʻpaytirish uchun baliqchilik pitomnigi quriladi. Baliqlar maxsus hovuzlarda ham oʻstiriladi. Bunday hovuzlarda baliqni urchitish, boqishdan tortib uni isteʼmol qilinadigan darajaga yetkazguncha boʻlgan jarayonlar amalga oshiriladi. OʻzRning daryo va koʻllarida 106 turdagi baliqlar mavjud (zogʻora baliq, doʻngpeshona, sudak, okcha, tobonbaliq, ilonbosh, choʻrtan, laqqa baliq, qizilkoʻz va boshqalar). Oʻzbekistonda Baliqchilikni sanoat asosida rivojlantirish 1937-yildan boshlangan. Oʻsha yili Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida "Toshkent baliq chavoqlari xoʻjaligi" tashkil etildi. Keyinchalik bu xoʻjalik baliq chavoqlarini baliq xoʻjaliklari va tabiiy suv havzalari uchun ham yetkazib bera boshladi. 1946-yil Oʻzbekiston xalq xoʻjaligi Kengashi huzurida Baliqchilik xoʻjaligi bosh boshqarmasi tashkil etildi. 1946-yildan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida baliq yetishtirishga moʻljallangan Damachi hovuz baliqchilik xoʻjaligi tashkil etildi va ishga tushirildi.
1960-yillargacha baliq mahsuloti asosan, Orol dengizi, dengiz yaqinidagi koʻllar va Sirdaryo hamda Amudaryodan ovlanar edi (yiliga oʻrtacha 25 — 28 ming t). Respublikada faqatgina karp baligʻi yetishtirilar va hovuzlardan olinadigan hosil 15 — 18 s.ga dan oshmas edi. 1961-yilda Xitoydan keltirib, iqlimlashtirilgan oʻsimlikxoʻr baliqlardan oq doʻngpeshona, oq amur, targʻil doʻngpeshona turlari bu yer sharoitiga tez moslashib, keyinchalik baliq yetishtirishning keskin rivojlanishiga zamin yaratdi. Hozirgi davrda respublika baliqchilik xoʻjaliklarida yetishtirilayotgan baliqlarning 60— 70% oʻsimlikxoʻr. Oʻsimlikxoʻr oq amurdan kanal va kollektorlarni oʻtlardan tozalashda biologik meliorator sifatida foydalaniladi. Oʻsimlikxoʻr baliq turlari Sirdaryo va Amudaryoda ham tabiiy urchib, koʻpaymoqda (ayrim doʻngpeshona baliqlarning ogʻirligi 80 kg gacha boradi). Respublikadagi suv omborlari ham baliqchilikni rivojlantirishda maʼlum ahamiyatga ega. Har yili Toʻdakoʻl suv omboridan 500, Chimqoʻrgʻon va Jizzax suv omborlaridan 70—100 t gacha baliq ovlanadi. Hozirgi "Oʻzbaliq" korporatsiyasi tizimida 8 birlashma (Quyi Chirchiq "Baliqchi" tajriba-namunaviy baliqchilik birlashmasi, Moʻynoq, Xorazm va Jizzax baliqchilik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston baliqchilik xoʻjaliklari birlashmasi va boshqalar), 7 kombinat (Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Damachi va Navoiy baliqchilik kombinatlari), 10 baliqchilik xoʻjaligi: Andijon, Namangan, Fargʻona, Beshariq, Gulbogʻ (Namangan viloyati), Yangiyer (Sirdaryo viloyati), Kogon (Buxoro viloyati), Forish (Jizzax viloyati), Uzun (Surxondaryo viloyati) xoʻjaliklari, shuningdek Toshkent xonbaliq (Boʻstonliq tumani) xoʻjaligi, Xorazm viloyatida Toʻrtkoʻl fermer xoʻjaligi, baliq chavoqpari yetishtirish davlat xoʻjaligi (Yangiyoʻl), Ixtiopatologiya markazi (Toshkent), Chinoz baliq omuxta yem ishlab chiqarish korxonasi, ulgurji savdo omborxonalari va boshqa bor (1999). OʻzRda umumiy maydoni 12 ming ga boʻlgan sunʼiy koʻl va hovuzlarda 22 ming t. tovar baliq mahsulotlari yetishtirish imkoniyatlari bor. Yetishtiriladigan baliq turlarini koʻpaytirish, sharoitga mos turlarini olib kelib, iqlimlashtirishda "Oʻzbaliq" korporatsiyasining Suv havzalari jonivorlarini oʻrganish instituti ("Akvakultura") xoʻjaliklarga yaqindan yordam beradi(yana q. Baliqlar)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.