Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki
From Wikipedia, the free encyclopedia
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (inglizcha European Bank for Reconstruction and Development) — Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari, shuningdek, MDH ga aʼzo mamlakatlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga yordam koʻrsatuvchi xalqaro bank. 1990-yilda 42 aʼzo mamlakat hukumatlari tomonidan 10 mlrd. ekyu mablagʻ bilan tashkil etilgan. 1991-yildan faoliyat olib boradi. Shtab-kvartirasi Londonda. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida boʻlgan mamlakatlarda amalga oshirilayotgan islohotlar (davlat mulki va korxonalarini xususiylashtirish hamda monopoliyadan chiqarish; tadbirkorlikni rivojlantirish; ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va moliya sektorlariga investitsiyalarni jalb etish; kapital bozorini shakllantirish va boshqa)ga moliyaviy yordam koʻrsatadi va ularning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga tezroq qoʻshilishiga koʻmaklashadi. Bank kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlar sinfini shakllantirish masalalariga katta eʼtibor beradi, transport, energetika, islab chiqarish sohalaridagi yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashda ishtirok etadi. Bank resurslarining kamida 60 % xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari yoki xususiy sektor korxonalariga, 40 % infratuzilma yoki boshqa loyihalarga yoʻnaltiriladi. 1997-yilda bank tomonidan Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda moliyaviy taʼminlagan loyihalar qiymati 240 mln. ekyuni tashkil etdi. Oʻzbekiston 1992-yil boshida Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankiga aʼzo boʻldi va shu yili Toshkent shahrida uning vakolatxonasi ochildi. 1993-yildan Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishda ishtirok eta boshladi. 1994-yil 10-yanvarda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankining Direktorlar kengashi Oʻzbekiston Respublikasiga loyihalarni moliyalash masalalari boʻyicha salbiy garov shartlarini bekor qildi.
![]() | |
Tarmogʻi | Bank, Moliya, Kredit |
---|---|
Ishga tushgan sanasi | 1991-yil |
Joylashuvi |
London ![]() |
Vebsayti | www.ebrd.com |