From Wikipedia, the free encyclopedia
Yapon boʻrisi (yaponcha: ニホンオオカミ(日本狼), yaponcha: Nihon ōkami, yoki 山犬, yamainu; Canis lupus hodophilax, shuningdek, Xonsyu boʻrisi nomi bilan ham tanilgan. U bir vaqtlar Yapon arxipelagining Honshū, Shikoku va Kyūshū orollarida endemik boʻlgan kulrang boʻrining yoʻq boʻlib ketgan kenja turi hisoblanadi.
Yapon boʻrisi | ||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Milliy Tabiat va Fanlar Muzeyida Yapon bo‘risining qotirilgan namunasi, Tokyo, Yaponiya | ||||||||||||
Biologik klassifikatsiya | ||||||||||||
| ||||||||||||
Canis lupus hodophilax | ||||||||||||
Yapon boʻrisi bir vaqtlar Yapon arxipelagida topilgan ikkita kenja turdan biri boʻlib, ikkinchis Xokkaydo boʻrisidir. Genetik tahlillar Yapon boʻrisining mavjud boʻri populatsiyalaridan juda katta farq qilganligini koʻrsatadi. U pleystotsen davridagi boʻrilar populatsiyasi bilan yaqin aloqada boʻlib, uy itlarining paydo boʻlishiga sabab boʻlgani tahmin qilinadi[3][4].
Yaponiyada uzoq vaqt davomida hurmat bilan qaralgan boʻlishiga qaramay, Yaponiyaga quturish va it distemperining kirib kelishi yapon boʻrisi populatsiyaning yoʻqolib ketishiga olib keldi va shuningdek Meydzi islohoti davrida olib borilgan siyosat natijasida yapon boʻrisi XX asr boshlariga kelib toʻliq yoʻq boʻlib ketdi. XX va XXI asrlarda shunga oʻxshash boʻrilarning yaxshi hujjatlashtirilgan kuzatuvlari amalga oshirilgan va ular omon qolgan boʻrilar deb taxmin qilingan. Biroq, ekologik va xulq-atvor omillari tufayli, ularning qanday turligi boʻyicha shubhalar saqlanib qolmoqda[5][6][7].
C. hodopylax ning binar nomi yunoncha Hodos (yoʻl) va phylax (qoʻriqchi) soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, Yapon xalq ogʻzaki ijodida yoʻlovchilarni himoya qiluvchi boʻri Okuri-inu nomidan olingan[8].
Yapon boʻrisiga tegishli boʻlgan boshqa koʻplab taxalluslar mavjud[9], va ōkami (boʻri) nomi qadimgi yaponchadagi öpö-kamï soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, u „buyuk ruh“ degan maʼnoni anglatadi[8][9][10][11]. Ushbu anʼana Shinto diniga asoslangan boʻlib, unda yovvoyi hayvonlar togʻ ruhi Yama-no-kami bilan bogʻlangan. Ōkuchi-no-Makami (Yaponcha) Yapon boʻrisining qadimgi va ilohiylashtirilgan taxallusi boʻlib, unga hurmat va qoʻrqinch bilan qaralgan va bir necha nazariyalarga koʻra u „katta ogʻizli iloh“ degan maʼnoni anglatgan. Boʻri ogʻzi bir qancha afsonalar va folklorlarga asos boʻlgan, masalan, boʻri Yamato Takeruga yoʻl koʻrsatgan va shahzoda tomonidan shunday nomlangan[12].
Niderland zoologi Coenraad Jacob Temminck Yapon boʻrisini alohida tur siofatida tasniflashidan oldin, Yaponiyada uzoq vaqtdan beri ikki xil it turi mavjudligi tan olingan edi. Ular ōkami (boʻri) va yamainu („togʻ iti“, ehtimol yovvoyi it turi), ikkalasi ham 1803-yilda oʻsimlikshunos Ono Ranzan tomonidan Honzō kōmoku keimō („Tabiiy tadqiqotlarning oʻquv kursi“) asarida tasvirlangan. U ōkamini kulrang-jigarrang, uzun, kulrang, oq uchli dumi, va uchburchak koʻzli deb tasvirlagan, uni yeyish mumkinligini taʼkidlab, gʻazablangan, va och boʻlganda odamlarga ham tahdid qilishi mumkinligini ham aytib oʻtgan. Yamainu esa sariq dogʻli junli, yomon hidli va yeb boʻlmaydigan goʻshtli ōkamiga oʻxshash hayvon sifatida tasvirlangan[13].
Ranzanning asarlarini nemis botanigi Philipp Franz von Siebold tomonidan Dejimada ishlagan paytida oʻrganib chiqqan. U 1826-yilda urgʻochi togʻ iti va boʻri sotib oladi. Botanik ikkalasini ham farqli deb atagan va ularning farqlarini tasvirlaydigan ikkita rasm chizgan. Togʻ itining terisi keyinchalik Niderlandiyadagi Rijksmuseum van Natuurlijke Historie muzeyiga yuborilgan va u yerda qotirib qoʻyilgan. Ushbu namunalar, Sieboldning yozuvlari bilan birga, Temminck tomonidan Fauna Japonica (1839) ilmiy ishi uchun manba sifatida ishlatilgan. Biroq, Temminck Sieboldning boʻri va togʻ iti farqlari haqidagi yozuvlarini notoʻgʻri tushunib, ikkalasini sinonim deb oʻylagan. 1842-yilda Temminck boʻri haqida uzunroq tavsif yozgan va unda ham ikkala nomni chalkashtirib yuborgan. Temminck Sieboldning muzeyda qotirilgan togʻ iti namunasi asosida „boʻri“ chizmasini ishlab chiqqan[13].
Yapon boʻrisi[15][16][17][18] , yoki Xonsyu boʻrisi[17], (Canis lupus hodophilax Temminck, 1893)[19][2] Canis lupusning kenja turi hisoblanadi. Yapon boʻrisining skelet qoldiqlari arxeologik joylarda, masalan, Jōmon davriga (miloddan avvalgi 10,000 yildan 250 yilgacha) oid Torihama qobiq toʻplamlarida topilgan.[20][21].
Yapon boʻrisi dunyodagi eng kichik boʻri boʻlmagan. Arab boʻrisining (Canis lupus arabs) kattalarining bosh suyagi uzunligi oʻrtacha 200,8 mm ni tashkil qiladi va bu koʻpgina boʻrilardan kichikroqdir. Yaponiya boʻrisi namunalari 193,1 mm va 235,9 mm orasida oʻlchangan va ularning barchasi ham kattab boʻrilarga tegishli ekanligi aniq emas[22]. Jagʻ suyagida, M1 (kiyik tishi) boshqa boʻri turlaridan ancha katta boʻlgan[21][23]. 1991-yilda bir namunani tekshirish jarayonida uning kondilobazal uzunligi (bosh suyak uzunligi oʻlchovi) 205,2 mm deb topilgan. P4 (toʻrtinchi yuqori jagʻ premolar yoki karnassial tish) ning alveolyar uzunligi 20,0 mm (chapda) va 21,0 mm (oʻngda) ekanligi aniqlangan[24]. 2009-yilda oʻtkazilgan osteologik tadqiqot Yapon boʻrisining bosh suyak uzunligi 206,4 mm dan 226,0 mm gacha ekanligini va morfologik belgilar Yapon boʻrisini Akita kabi katta uy itlaridan ajratish uchun yetarli emasligini eʼlon qilgan[21]. Osteologik oʻxshashliklari tufayli Edo davridan (1603- va 1868-yillar) qolgan yovvoyi mahalliy it qoldiqlarini baʼzan Yapon boʻrisi bilan chalkashtirib yuborishadi[25][21][26].
Yapon boʻrisi Kyusyu, Shikoku va Xonsyu orollarida yashagan[18][21]. Ammo u eng shimoldagi Xokkaydo orolida yashamagan.[21] Bu shuni anglatadiki uning ajdodi Osiyo qitʼasidan Koreya yarim oroli orqali Yaponiyaga koʻchib oʻtgan[17][21][27]. Uning mitoxondrial DNA ketma-ketliklaridan olingan filogenetik daraxti Yapon boʻrisini boshqa boʻri populatsiyalaridan uzoq tarmoqlanishini koʻrsatdi va u qadimiy mDNA gaploguruh 2 ga tegishli ekanligini koʻrsatdi[17][27]. Bu gaploguruhga hozirgi kunda Italyan bo‘risi va Yevrosiyo boʻylab tarqalgan boshqa boʻrilar ham kiradi[28]. Xokkaydo boʻrisi esa mDNA gaploguruh 1 ga tegishli. Bu Yapon boʻrisining Yapon arxipelagiga birinchi kelganini va Xokkaydo boʻrisining shimoldan yaqinda kelganligini angtadi. Yapon boʻrisi Yaponiyaga soʻnggi Pleistotsen davrida bundan 25,000 – 125,000 yil oldin kelgan deb taxmin qilinadi.[17] Ammo yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot Koreya boʻgʻozining oʻtmishdagi dengiz sathini va Yapon boʻrisining ketma-ketliklarini oʻrgangan holda, uning janubiy orollarga 20,000 yildan kamroq vaqt oldin kelganligini koʻrsatdi[27]. Aomori va Shizuoka prefekturalaridan soʻngi Pleistotsen davriga oid Shimoliy Amerika boʻrisiga oʻxshash yirik boʻri qoldiqlari topilgan. Ammo uning C. lupus hodophilax yoki C. lupus bilan aloqadorligi noaniq qolmoqda.[29]
Yapon boʻrisi Kyusyu, Shikoku va Xonsyu orollarida yashagan[18][21]. Ammo Yapon boʻrisi Xokkaydo orolida yashamagan[21]. Arktik Sibirning shimoliy sohilidagi Yana daryosidan topilgan 28,000 yoshli boʻri namunasining qoldiqlari Yapon boʻrisining mtDNA gaplotipi bilan mos kelgan, bu ularning umumiy ajdodlari[16] va kengroq tarqalishga ega boʻlganini koʻrsatadi.
Canis lupus hodophilax 1839-yilda Temminck tomonidan Canis lupus lupus (Linnaeus 1758) ga qaraganda kichikroq va oyoqlari qisqaroq, junlari silliq va qisqa deb taʼriflangan[31]. Yapon boʻrisi Xokkaydo boʻrisi va Osiyo va Shimoliy Amerika qitʼalarida yashovchi kulrang boʻrilarga nisbatan kichikroq boʻlgan[32]. Uning yelkasigacha balandligi 56–58 sm boʻlgan[33].
Canis lupus hodophilax deb hisoblanadigan toʻrtta tulum mavjud boʻlib, ular quyidagi yerlarda joylashgan: Yaponiya Tabiat va Fanlar Milliy Muzeyi; Tokio Universiteti, Yaponiya ; Vakayama Universiteti, Yaponiya ; Siebold kolleksiyasi va Niderlandiyaning Leyden shahridagi Milliy Tabiat Tarixi Muzeyi[21].
Milodiy 713-yilda boʻri birinchi marta Kofudoki itsubun (Qadimiy urf-odatlar haqidagi yozuvlar) da qayd etilgan. Milodiy 967-yildan keyingi tarixiy yozuvlar boʻrining yovvoyi otlar yoki yaylovlar, otxonalar va qishloqlardagi otlarni ovlashni afzal koʻrishini koʻrsatadi. 1701-yilda bir lord birinchi bor Yapon boʻrisi uchun mukofot joriy qildi va 1742-yilga kelib birinchi professional boʻri ovchilari oʻqotar qurol va zahar ishlata boshlashdi[34]. 1736-yilda sharqiy Yaponiyada itlar orasida quturish paydo boʻldi, bu esa uning Xitoy yoki Koreyadan kirib kelganligini, keyin esa butun mamlakat boʻylab tarqalganini koʻrsatadi. Bu kasallik boʻri populatsiyasiga tezda tarqaldi. Kasallik baʼzi boʻrilarni oddiy ot ovchilaridan odam oʻldiruvchilarga aylantirdi. Bu esa uyushgan boʻri ovlariga olib keldi[35]. Meydzi islohoti davrida boʻrilarni oʻldirish milliy siyosatga aylandi va bir avlod ichida Yapon boʻrisi yoʻq boʻlib ketdi[36]. Soʻnggi yapon boʻrisi 1905-yil 23-yanvarda Yaponiyaning Xonsyu Nara prefekturasi Higashiyoshino qishlogʻida qoʻlga olinib oʻldirilgan[21].
Baʼzilar Yapon boʻrisining yoʻq boʻlib ketishining sababi sifatida mahalliy aholi ongida Yapon boʻrisining roli oʻzgarganini taʼkidlashadi. Bunga sabab qilib quturish tufayli kelib chiqqan agressiya va boʻrilar yashaydigan oʻrmonlarning kesilishi tufayli kelib chiqqan toʻqnashuvlar koʻrsatilinadi, va bu omillar boʻrilarning keyinchalik fermerlar tomonidan taqib qilinishiga olib keladi[8].
Yapon boʻrisi yoʻq boʻlib ketganidan keyingi davrda 1997-yilgacha bir necha marta odamlar yapon boʻrisiga oʻxshash kalta oyoqli hayvonni koʻrganliklarini daʼvo qilishgan, lekin ularning hech biri tasdiqlanmagan. 2000-yildagi daʼvo aldov deb rad etilgan. Baʼzi yapon zoologlari bu xabarlar Yapon boʻrisini yovvoyi itlar bilan chalkashtirganlikdan kelib chiqqan deb taʼkidlaydilar[37].
Shinto eʼtiqodiga koʻra ōkami ("bo‘ri")ga kami ruhlarining elchisi sifatida qaralgan va u ekinlarni payhon qiluvchi yovvoyi cho‘chqa, kiyiklardan himoya qilishiga ishonligan. Yovvoyi hayvonlar tog‘ ruhi Yama-no-kami bilan bog‘langan. Yaponiya tog‘lari xavfli joy sifatida ko‘rilgan, va bo‘rilar esa togʻlarning himoyachisi va qo‘riqchisi deb qaralgan. Okamiiwa ("Bo‘ri toshi") va Okamitaira ("Bo‘ri platosi") kabi ko‘plab tog‘ qishloqlari bo‘ri sharafiga nomlangan[8].
Xonsyu orolining oʻzida taxminan 20 ta Shinto bo‘ri ziyoratgohi mavjud. Eng mashhur milliy ziyoratgoh Saitama prefekturasining Mitsumine hududida joylashgan. Shuningdek Kii yarim orolida kichikroq bo‘ri ziyoratgohlari mavjud, jumladan Totsukava qishlog‘idagi Tamaki va Katakati ziyoratgohi[40].
Yaponiya xalq og‘zaki ijodida okuriōkami ("hamroh bo‘ri") haqida keng tarqalgan afsona mavjud bo‘lib, u tunda o‘rmon orqali yolg‘iz ketayotgan odamni uyiga sogʻ-omon yetib borguncha kuzatib borganligi aytiladi. Baʼzida bu hamroh boʻri uchun qurbonliklar qilingan. Yana bir afsonaga koʻra Kii yarim orolining o‘rmonlarida tashlab ketilgan chaqaloqni bo‘rilar boqib olishadi va keyinchalik bu bola Fujiwara no Hidehira qabilasining rahbariga aylanadi. Sharqiy Yaponiyaning Kanto hududidagi yana bir afsonaga koʻra bo‘ri suti bilan boqilgan chaqaloq kuchli bo‘lib o‘sadi deb ishonilgan[41]. Baʼzi afsonalarda Yapon bo‘risi bashoratchi mavjudotlar sifatida tasvirlangan. Tamaki tog‘larida "it uvlash daraxti" deb ataladigan daraxt joylashgan. Bu joyda boʻrilar 1889-yilgi suv toshqinidan oldin qishloq aholisi ogohlantirish uchun uvlashgani aytiladi[8], va 1923-yilda garchi bu vaqtga kelib bo‘ri yo‘q bo‘lib ketgan boʻl-sa ham ham oʻsha yilgi kuchli zilziladan oldin uvlashgani aytiladi[42]. Yana bir afsonaga koʻra agar sayohatchi uyga qaytmasa, bo‘ri ularning uyiga kelib, sayohatchi o‘lganini bildirish uchun g‘amgin uvlash qiladi[42].
Baʼzi qishloqlarda shishiyoke deb ataladigan bo‘ri shakllari mavjud bo‘lib, ular qishloqlarni va ekinlarni yovvoyi cho‘chqalardan himoya qiladi deyilgan[8]. Bo‘ri tishlari, terisi va junlari sayohatchilar tomonidan yovuz ruhlarni qaytarish uchun olib yurilgan va baʻzi ibodatxonalarda baxtsizlikni qaytarish uchun bo‘ri bosh suyaklari saqlangan[42]. Gifu prefekturasidagi baʻzi qishloqlarda bo‘ri bosh suyagi himoya va jin urgan qishloqliklarni davolash uchun ishlatilgan. Ekinlarni himoya qilishdan tashqari, bo‘ri qishloq aholisiga oʻz o‘ljalarini qoldirganligi aytiladi[8].
Yapon bo‘risi 2012-yilda chiqarilgan "Bo‘ri bolalari" anime filmining asosiy qahramoni bo‘ladi[43]. Yapon bo‘risi boshqa mashhur ommaviy axborot vositalarida ham muhim rol o‘ynagan, masalan, 1997-yilgi Studio Ghibli filmi "Mononoke malikasi", 2006-yilgi Ōkami video o‘yin va 2019-yilgi Kamen Rider Zero-One shousida.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.