From Wikipedia, the free encyclopedia
Xorvatiya (xorvatcha: Hrvatska), Xorvatiya Respublikasi (xorvatcha: Republika Hrvatska) — Bolqon yarim orolning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 56,6 ming km². Aholisi 4,267 mln. kishi (2012). Poytaxti — Zagreb shahri Maʼmuriy jihatdan 20 jupaniy (okrug)ga boʻlinadi.
Xorvatiya Respublikasi Republika Hrvatska
| |
---|---|
Shior: Yoʻq | |
Madhiya: Lijepa naša domovino (Bizning goʻzal Vatan) | |
Poytaxt | Zagreb |
Rasmiy til(lar) | Xorvat |
Hukumat | Parlamentlik Respublika |
• Prezident |
Ivo Josipović |
• Bosh Vazir |
Jadranka Kosor |
Mustaqillik (Yugoslaviyadan) | |
• Sana |
25-iyun, 1991 |
Maydon | |
• Butun |
56,542 km2 (127-oʻrin) |
• Suv (%) |
1.09 |
Aholi | |
• 2002-yilgi roʻyxat |
4,495,904 (117-oʻrin) |
• Zichlik | 79/km2 |
YIM (XQT) | 2005-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$53,560 mil. (73-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$11,913 |
Pul birligi | Yevro (EUR) |
Vaqt mintaqasi | UTC+1 |
UTC+2 | |
Qisqartma | HR |
Telefon prefiksi | 385 |
Internet domeni | .hr |
|
Xorvatiya — parlamentli respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1990 yil dekabrda qabul qilingan. 1997, 2000, 2001 yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2000 yildan Stipe Mesich), u umumiy teng va toʻgʻri yashirin ovoz berish nuli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament — Sabor (vakillar palatasi va jupaniylar palatasi), ijrochi hokimiyatni prezident bilan hukumat amalga oshiradi.
Xorvatiya hududining sharqiy kismi (Slavoniya) sertepa tekislikdan iborat, uni Sava va Drava dare vodiylari kesib oʻtadi. Mamlakat markazi va gʻarbida karst relyefli Dinara togʻligi (eng bal. joyi 1831 m) bor. Bu togʻlik shimoli-sharqda pasaya borib, Oʻrta Dunay pasttekisligiga tutashadi. Janubiy va janubisharqi — Adriatika dengizining ensiz togʻli sohili (Dalmatsiya) koʻpgina qoʻltiqlar bilan parchalangan. Qirgʻoq yaqinida Dalmatsiya orollari joylashgan. Xorvatiya sharqida iqlim moʻʼtadil, kontinental. Dinara togʻlarida sovuq qish uzoq davom etadi, dengiz sohilida subtropik Oʻrta dengiz iqlimi. Oʻrtacha yillik yogʻin 600–700 mm, sohilda 1000 mm gacha. Tekisliklar keng bargli oʻrmonlar, togʻlar buk, eman daraxtzorlari, aralash oʻrmonlar bilan qoplangan, togʻlardagi karst platosi taqir boʻshliqdan iborat, sohilda Oʻrta dengiz atrofiga xos butazorlar (makvis) bor. Hayvonot dunyosi unchalik boy emas: togʻlarda burgut, togʻ echkisi, tekisliklarda kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar va qushlar uchraydi.
Aholisining 78,1% xorvatlar. Shuningdek, serb, sloven, venger va boshqa ham yashaydi. Shahar aholisi 56,2%. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Rasmiy til — xorvat tili. Yirik shaharlari: Zagreb, Split, Riyeka.
Xorvatiya hududida odam ilk paleolit davridan boshlab yashaydi. Jez davrida illiriy, soʻng kelt qabilalari yashagan. Mil. av. 1-asrda Rim bosib olgan. Mil. 1-asrda Xorvatiyaning talay qismi Rimning Pannoniya va Dalmatsiya viloyatlariga, 395 yil esa Vizantiya tarkibiga kirgan. 6—7-asrlarda Xorvatiya hududida slavyanlar yashay boshladi. 8-asrda franklar bostirib keldi. 9-asr oxirida xorvat knyazlari franklar va Vizantiya asoratidan qutulib mustaqillikka erishdilar, 925 yil Xorvat davlati (qirollik) vujudga keldi. 10-asrda xristianlik tarqaldi. 1102 yil Xorvatiya venger qirollariga tobe boʻlib, ichki oʻzini oʻzi boshqarish huquqini saqlab qoldi. 16-asr oxirida Xorvatiya hududining koʻp qismi Usmoniylar imperiyasi tasarrufiga oʻtdi. Bir qismi Gabsburglar hukmronligi ostida qoldi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida turklardan ozod qilingan yerlar (Slavoniya) Harbiy hudud (Turkiya bilan chegaradosh boʻlgan viloyat; Gabsburglar imperiyasi tarkibida boʻlgan) tarkibiga, bir qismi 1809—13 yillarda Illiriylar provinsiyasi tarkibiga kiritildi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida xorvat millatining shakllanish jarayoni kuchaydi va 19-asr 1-yarmida millat sifatida shakllanib boʻldi. 19-asrning 30—40-yillari xorvat yerlarida illiriylar ijtimoiy harakati yoyildi. 1848—49 yilgi Avstriya va Vengriyadagi inqilob natijasida Xorvatiya Gabsburglar imperiyasi tarkibida muxtoriyatga erishdi. Ammo inqilob bostirilgach, muxtoriyatdan mahrum boʻldi. 1868 yilgi Xorvatiya Vengriya bitimi natijasida cheklangan muxtoriyatga erishdi. AvstriyaVengriya davlati barbod boʻlgach (1918), Xorvatiya Serblar, xorvatlar va slovenlar (1929 yildan Yugoslaviya) qirolligi tarkibiga kirdi. 1939 yil avgustda Xorvatiya muxtoriyatga erishdi. 1941 yil aprelda fashistlar tomonidan okkupatsiya qilingan Xorvatiya hududida "Mustaqil Xorvatiya davlati" degan koʻgʻirchoq davlat eʼlon qilindi. 1945 yil Xorvatiya hududi butunlay ozod qilindi va Yugoslaviya Federativ Xalq Respublikasi (keyinchalik Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi) tarkibiga kiritildi.
1963 yildan 1991 yilgacha Yugoslaviya tarkibida Xorvatiya Sotsialistik Respublikasi deb ataddi. 1991 yil iyunda Xorvatiya mustaqilligi toʻgʻrisidagi Deklaratsiya kabul kilinib, mamlakat Xorvatiya Respublikasi deb atala boshladi. Xorvatiya — 1992 yil 22 maydan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan va 1995 yil 6 fevraldan diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 30 may — Davlatchilik kuni (1990).
Liberal partiya, 1998 yil tuzilgan; Sotsialdemokratik partiya, 1990 yil tashkil etilgan; Xorvatiya demokratik partiyasi, 1989 yil asos solingan; Xorvatiya dehqonlar partiyasi, 1990 yil tuzilgan; Xorvatiya HUQUQ partiyasi, 1861 yil millatchi partiya sifatida tashkil etilgan, 1990 yildan hozirgi nomda qayta tiklangan; Xorvatiya mustaqil demokratlari, 1994 yil asos solingan; Xorvatiya demokratik Hamdoʻstligi, 1990 yil tuzilgan. Xorvatiya mustaqil kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1990 yil asos solingan; Xorvatiya muxtor kasaba uyushmalari birlashmasi, 1990 yil tashkil etilgan; Xorvatiya kasaba uyushmalari birlashmasi. 1990 yil tuzilgan.
Xorvatiya — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24%, qishloq xoʻjaligining ulushi 12%, xizmat koʻrsatish sohasining ulushi 64%.
Sanoatining asosiy tarmoklari: konchilik, kemasozlik, mashinasozlik, farmatsevtika, neftni qayta ishlash, elektron sanoati va hokazo Rashada toshkoʻmir, dengiz boʻylarida neft va gaz, boksit va sement xom ashyosi qazib chiqariladi, dengiz suvidan tuz ajratib olinadi, stanok, elektr texnikasi asboblari, dengiz kemalari, sement, poyabzal ishlab chiqariladi. Mashinasozlik tarmoklaridan parovoz va vagonsozlik, elektr kuch jihozlari va boshqalar ishlab chiqarish rivojlangan. Neft kimyosi sanoati korxonalarida plastmassa, doridarmon va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Yirik qora va rangli metallurgiya sanoati (choʻyan, poʻlat, alyuminiy eritish) barpo etilgan. Yogʻochsozlik, koʻnpoyabzal, toʻqimachilik, oziq-ovqat korxonalari bor. Yiliga oʻrtacha 8,3 mlrd. kVtsoat elektr energiya (koʻp qismi GESlarda) hosil qilinadi. Asosiy sanoat markazlari: Zagreb, SlavonskiBrod, Split.
Qishloq xoʻjaligi ichki ehtiyojni toʻlatoʻkis taʼminlaydi, dehqonchilik yetakchi oʻrinda. Bugʻdoy, makkajoʻxori, kartoshka, qand lavlagi, kungaboqar, zigʻir, kanop, yemxashak ekinlari yetishtiriladi. Bogʻdorchilik (koʻproq olma va olxoʻri), tokchilik rivojlangan. Dengiz soxilida subtropik mevalar yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, choʻchqa, qoʻy va yilqi boqiladi. Oʻrmonlarda yogʻoch tayyorlanadi, dengizdan baliq ovlanadi.
Transport yoʻli uzunligi 2,7 ming km, avtomobil yoʻllari uzunligi 26,9 ming km. Asosiy dengiz portlari: Riyeka, Koper, Kardelevo, Split, Shibenik. Xorijiy sayyoxlik rivojlangan. Adriatika sohilida (Dubrovnik, Riyeka, Split) yirik kurortlar bor. Chetga mashina va sanoat uskunalari, alyuminiy, isteʼmol va oziq-ovqat mahsulotlari chiqaradi, chetdan xom ashyo, jihozlar, butlash qismlari va turli apparatlar oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Sloveniya, Avstriya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yevro.
Asosiy 8 yillik maktab taʼlimning 1bosqichi boʻlib, 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarni qamrab oladi. Undan keyingi boskich 2 yillik umumiy oʻrta maktab; u umumiy oʻrta maʼlumot beradi. Umumiy oʻrta maktab negizida oʻrta maxsus va oliy taʼlim amalga oshiriladi. Xorvatiyada bir qancha oliy oʻquv yurtlari bor. Zagreb (1669), Riyeka (1973), Split (1974)da universitetlar va bir kancha institut mavjud. Zagrebla Nafis sanʼat akademiyasi (1907), amaliy sanʼat va hunarmandchilik, teatr, kino va televideniye akademiyalari, Riyekada dengiz maktabi tashkil etilgan. Zagrebdagi Fan va sanʼat akademiyasi (1867) tarkibida bir qancha ilmiy tadqiqot instituti, shuningdek, meʼmorlik va shahar loyihalash (1952), folklorni oʻrganish (1948), tibbiyot tadqiqotlari (1947), tabiatni muhofaza qilish (1961), tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash (1910), gidrometeorologiya (1947) va boshqa ilmiy uyushmalar ishlaydi. Splitda okeanshunoslik va baliq ovlash (1930), Dalmatsiya tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish (1854) institutlari mavjud.
Yirik kutubxonalari: Zagrebda Milliy va universitet (17-asr boshlarvda tashkil etilgan) kutubxonalari, Davlat arxivi kutubxonasi bilan (4643), Riyekada ilmiy kutubxona (1627), Zadar, Dubrovnikda kutubxonalar, Splitda shahar kutubxonasi bor. Muzeylarning kupi Zagrebda joylashgan. Yiriklari: Shahar galereyasi (1961), Arxeologiya (1846), Etn. (1919), Geol.paleontologiya (1846), Maktabped. (1901), Xorvatiya tarixi (1846), Zool. (1846).
Asosiy gaz. va jurnallari: "Vesnik" ("Xabar", ijtimoiysiyosiy gazeta, 1940 yildan); "Glas Slavoniye" ("Slavoniya ovozi", mustaqil gaz.); "Novi vesnik" ("Yangi xabarlar", gazeta, 1940 yildan); "Slobodna Dalmatsiya" ("Ozod Dalmatsiya", gazeta, 1943 yildan); "Sportske novosti" ("Sport yangiliklari", kundalik gaz.); "Arena" (bezakli haftanoma, 1957 yildan); "Globus" (siyosiy haftanoma, 1990 yildan). Xorvatiya axborot agentligi (XINA), 1990 yil asos solingan. Xorvatiya radiosi 1926 yildan, televideniyesi 1956 yildan ishlaydi.
taxminan 1100 yil yaratilgan "Bashchan plitasi" asari xorvat xalq tili unsurlari boʻlgan dastlabki til va huquq yodgorligidir. Xalq ogʻzaki ijodiyoti, jumladan, xorvat qahramonlik dostonlari badiiy adabiyot shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Gumanizm va italyan uygonish davri sheʼriyati taʼsirida rivojlangan Dubrovnik va Dalmatsiya adabiyoti — 15—18-asr xorvat adabiyotining tarkibiy kismidir. 15—16-asrlargacha I. Chesmitskiy, Yu. Shijgorich, Ya. Bunich kabilar lotin tilida ijod qilgan boʻlsa, ulardan keyingi avlod yozuvchilari M. Marulich, Sh. Menchetich, J. Drjich, G. Lutsich, M. Drjich, I. Gektorovichlar ona tiliga murojaat etdilar. 17—18-asrlarda I. Gundulich, J. Palmotich, Yu. Krijanich, N. va P. Zrinskiy kabi adiblar yetishib chiqdi. 18-asr oxiri — 19-asr oʻrtalarida Xorvatiya milliy uygʻonish davrida maʼrifatparvarlik adabiyoti (M. Relkovich, T. Brezovachki) maydonga chikdi. Illirizm vatanparvarlik oqimining atoqli namoyandalari L. Gay, D. Demeter, Stanko Vraz romantizm adabiyotiga asos soddilar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridagi "xorvat moderni" badiiy oqimi adabiy jarayon rivojida sezilarli rol oʻynadi. Turli goyaviybadiiy okimlarga mansub boʻlgan M. Dejman, V. Vidrich, D. Shimunovich, M. Maryanovich, A.G. Matosh shu oqimni rivojlantirdilar. 1 va 2-jahon urushlari oraligʻida shoir, yozuvchi va dramaturg M. Krleja adabiy muhitda yetakchilik qildi. 1941—45 yillardagi xalq ozodlik urushi yillarida V. Nazor, I.G. Kovachich, G. Vitez, Yu. Kashtelan, V. Popovich, J. Yelichichlarning joʻshqin sheʼrlari xalqni ruxlantirib turdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin ham ozodlik kurashi adabiyotning asosiy mavzui boʻlib qoldi. 60— 80-yillarda O. Sholts, N. Milichevich, 3. Golob, S. Mixalich, M. Slavichek, T. Sablyak, N. Petrak, J. Sabol ijodida umumiy insonparvarlik ruhi ustunlik qildi. Drama sohasida P. Budak, I. Raos, F. Xajich, D. Roksandich asarlari shuhrat qozondi.
Xorvatiya hududida istehkomli manzilgohlarning qoldiqlari, Adriatika sohilida koʻpgina antik, asosan, Rim shaharlarining xarobalari, qad. meʼmorlik yodgorliklari (mil. av. 1-asrga mansub Puladagi Avgust ibodatxonasi, mil. av. taxminan 300 yilga oid Splitdagi Diokletian saroyi) saqlanib qolgan. 9-asr boshi — 12-asr oxirlarida barpo etilgan turli shakldagi tosh cherkovlar, knyaz saroylari (Split yaqinidagi Biyachi degan joyda)da Vizantiya va Markaziy Yevropa meʼmorligi uslubidan foydalanilgan. 12-asr oxirida roman uslubi (Zadardagi 1175 yilga oid avliyo Krshevan cherkovi), 13-asrda gotika (Zagrebdagi diniy inshootlar) yoyidsi. 15—16-asrlarda shaharlar kengaydi, tosh istehkomlar barpo etildi. Shu davrda Uygʻonish davriga xos meʼmorlik rivoj topdi (1431—1505 yillarga mansub Shibenikdagi sobor, 15-asrning 2-yarmiga oid Dubrovnikdagi knyaz saroyi va boshqalar). 17— 18-asrlarda barokko uslubi urf boʻldi (Zagrebdagi OrshichRauxov, Varajdindagi Patatichi saroylari). 19-asrda klassitsizm uslubidagi inshootlar (Zagrebdagi meʼmor B. Felbinger saroylari), yangi uygʻonish va yangi barokko uslubidagi jamoat binolari (Zagrebdagi Fan va sanʼat akademiyasi, Zagreb, Split, Dubrovnikdagi teatrlar) kurildi. 20-asr boshlarida avval yangi klassitsizm, soʻng funksionalizm ruhidagi inshootlar (Zagrebdagi birja va boshqa binolar) qad koʻtardi. Asr oxirlarida sanoat korxonalari, turar joylar zamonaviy materiallardan kurila boshladi (Zagrebdagi "Rujer Boshkovich" ilmiy markazi, meʼmori K. Ostrogovich; aeroport, meʼmori I. Uxlik, Splitdagi "Maryan" mexmonxonasi, meʼmori L. Perkovich). Xorvatiya xududida neolit davriga oid sopol buyumlar, keyingi davrlarga mansub metalldan yasalgan badiiy buyumlar, antik haykaltaroshlik yodgorliklari (haykalchalar, relyeflar), qadama naqsh asarlari topilgan. 13-asrda haykaltaroshlikda roman uslubi (usta Andrey Buvina relyeflari) yoyildi, dastlabki devoriy rasmlar paydo boʻldi. 16-asrda cherkov ibodatxonalari rangtasviri, 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida barokko uslubidagi haykaltaroshlik va rangtasvir rayem boʻldi (F. Benkovich, B. Bobich asarlari, I. Ranger freskalari). 15—18-asrlarda yogʻoch oʻymakorligi, badiiy toʻquvchilik, metallsoelik va sh.k. hunarmandchiliklar rivojlandi. 19-asr boshlarida tasviriy sanʼatda dunyoviy janrlar (portret va tarixiy kompozitsiyalar) tarqaldi. F. Kikerez, V. Bukovats, S. Medovich asarlarida romantizm belgilari koʻzga tashlanadi. Ranggasvirchilardan M. Kralevich, Y. Rachich, grafikachi T. Krizman ijodida 20-asr xorvat rassomligi asoslari yaratildi. I. Meshtrovich, A. Avgustinchich va boshqa haykaltaroshlik sanʼatini rivojlantirdilar. V. Betsich, L. Babich, Y. Mishe kabi rassomlar mamlakat tabiat manzaralari va xalq turmushini tasvirladilar. 20-asrning 2-yarmida rangtasvirchilardan E. Murtich, I. Voyvodich, M. Stanchich abstrakt sanʼat va syurrealizm ruxida ijod qildilar.
Xorvatiya musiqa madaniyatida xalq sanʼati katga oʻrin tutadi. Xorvatlarnint qad. marosim, epik, raqs, lirik va boshqa xalq qoʻshiklari hozirgacha davom etib kelayotir. Professional musiqa 16-asrda yuzaga kelgan. N. Styepan (Spadina), skripkachi va kompozitor I.M. Yarnovich va boshqa 18-asrning tanikli musiqa arboblaridir. 1827 yil Zagrebla Musiqa jamiyati va uning musiqa maktabi (1916 yildan konservatoriya) va orkestri, shuningdek, Illirii xalk, xor jamiyati (1839) tashkil etildi. Xorvatiya musika madaniyatini rivojlantirishda musiqashunos F. Kuxach, dirijyor va kompozitor I. Zays, dirijyor N. Faller, kompozitorlardan B. Bersa va Y. Xatze faoliyati katta ahamiyatga ega boʻldi. 1918 yil yagona davlat tuzilgach, xorvat milliy kompozitorlik maktabi vujudga keldi. 20-asr oxirlarida Zagrebda "Qardoshlik va birlik", Splitda "Birlik" xor jamiyatlari, Zagrebda "Lado" xalq ashula va rake ansambli va boshqa musika jamoalari ishladi. Taniqpi kompozitorlari: I. Brkanovich, M. Kelemen, B. Papandopulo, S. Xorvat, R. Radika, D. Detoni.
16-asrda dunyoviy teatr (Dubrovnikda havaskorlik truppalari, Dalmatsiya shaharlarvda professional truppalar) paydo boʻldi. 17—18-asrlarda maktab teatri rivojlandi. 1797— 1834 yillar Zagrebda birinchi doimiy "Amadey teatri" faoliyat koʻrsatdi. 1834 yil "Eski teatr" (1861 yildan "Milliy teatr") ochildi. 1896—98 yillarda dastlabki aktyorlar maktabi ishlab turdi. B. Gavella X. teatri rivojiga katta hissa qoʻshdi. U teatrlar repertuariga ilgʻor milliy dramaturglardan M. Krleja, I. Sankar, jahon mumtoz dramaturgiyasidan U. Shekspir, F. Dostoyevskiy, L. Tolstoy, B. Shou, K. Chapek, B. Nushich pyesalarini kiritdi. 1950 yildan Teatr, musiqa, kino, televideniye akademiyasi (Zagreb) ishlaydi.
Oʻzbekiston — Xorvatiya munosabatlari endigina yoʻlga qoʻyilish bosqichida turibdi. 2003 yil ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 115 ming AQSH dollarini tashkil qiddi. Oʻzbekiston tomoni turli xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanadi. Xorvatiya tomoni elektr jihozlar, farmatsevtika va konditer mahsulotlari yetkazib beradi. Xorvatiyaning muhandislik va qurilish ishlari bilan shugʻullanuvchi "Ingra. Injiniring end Konstrakshen K°" aksiyadorlik jamiyati firmasi Oʻzbekiston Respublikasida oʻz vakolatxonasini ochgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.