Qasida
From Wikipedia, the free encyclopedia
Qasida (arab tilidan olingan boʻlib — koʻzlamoq, niyat qilmoq maʼnosini anglatadi) — Sharq mumtoz adabiyotidagi sheʼriy janrlardan biri. Qasida biror shaxsning (koʻpincha hukmdorning) madhiga bagʻishlangan. uchun koʻtarinki, tantanavor ohang xos. Hajmi 20 baytdan 200 baytgacha boʻlishi mumkin. Gʻazalga oʻxshab qofiyalanadi (aa, ba, va, …). Kompozitsiyasi gʻazalga nisbatan murakkab boʻlib, nasib (yoki tashbib) deb ataluvchi lirik muqaddima, gurezgoh (qochish joyi; nasibdan asosiy qism — madhga oʻtish vazifasini bajaruvchi bayt yoki baytlar), madh (maqtov) va mamduh (maqtalayotgan shaxs) haqidagi duo va matlabni oʻz ichiga oluvchi xulosa qismlardan iborat. Qasida mazmuniga koʻra, Qasidayi bahoriya, Qasidayi ishqiya, Qasidayi holiya (oʻz ahvolidan shikoyat tarzida), Qasidayi hamriya (may bilan bogʻliq tasvir), Qasidayi hazoniya (kuz tasviri), Qasidayi faxriya (shoirning oʻz isteʼdodidan faxrlanishi), Qasidayi hajviya tipida boʻlishi mumkin. 11—12-asrlardan uning mazmun va mavzu doirasi kengayib, falsafiy, axloqiy, ijtimoiy qasidalar ham yozilgan (masalan, Unsuriy, Anvariy, Xoqoniy qasidalari).
Oʻzbek mumtoz qasidalari arab va fors qasidachiligi zaminida yuzaga kelgan, uning ilk namunalari „Devonu lugʻotit turk“da uchraydi. 15-asrda Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Amiriylar ijodida qasida oʻzining yuqori bosqichiga koʻtarilgan. Ayniqsa, Sakkokiy yaratgan qasidalar alohida ajralib turadi. Uning devonida 10 ta qasida boʻlib, undan 4 tasi hukmdor va olim Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan. Alisher Navoiyning original kompozitsiya va uslubga ega boʻlgan „Hiloliya“, katta ijtimoiy mazmun tashuvchi „Tuhfat ulafkor“ („Sittayi zaruriya“dan) qasidalari mashhurdir. Keyingi davrda oʻzbek adabiyotida Munis va boshqalar shoirlar ham bu janrga murojaat qilganlar.
Hozirgi oʻzbek adabiyotida ham qasida janrida bir qancha asarlar yaratilgan (Gʻ.Gʻulom, H.Olimjon, T. Toʻla, E.Vohidov, A.Oripov va boshqalar).