Qadimgi Rim meʼmorchilik sanʼati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Qadimgi Rim sanʼati Apenin yarimorollaridagi koʻpgina xalqlar, jumladan, etrusklar, keyinroq Rim bosib olgan yerlardagi boshqa xalqlar sanʼati taʼsirida rivoj topdi. Uning ravnaqiga, ayniqsa, grek sanʼati kuchli taʼsir oʻtkazdi. Lekin rimliklar oʻzga xalqlar sanʼatini oʻzlashtirib, oʻrganib, uni ijodiy boyitdilar, shu sanʼat anʼanalarini rivojlantirib, uning yangi tur va janrlarini ham vujudga keltirdilar. Rimdagi tarixiy sharoit, ijtimoiy tuzum xarakteri sanʼatning gʻoyaviy yoʻnalishini belgilashda muhim rol oʻynadi. Rim sanʼatida meʼmorchilik yetakchi oʻrinni egalladi. Unda davlatning kuchqudrati tarannum etildi. Rimliklar koʻpchilikka moʻljallangan muhtasham binolar qurdilar. Bunday xarakterdagi binolar bu davr uchun yangilik boʻldi. Meʼmorchilikda rimliklaming aql-zakovati yaqqol namoyon boidi. Bu meʼmorchilik etrusk va yunon, qisman qadimgi Sharq meʼmorchiligi sanʼati anʼanalariga tayangan holda rivojlangan. Uni yangi uslublar bilan boyitdilar. Ayniqsa, rimliklar tomonidan betonning ixtiro etilishi va ustun-toʻsin sistemasiga yangi konstruksiyalar kiritilishi, ark, qubba va egri ravoqning erkin va keng qoʻllanilishi faqat Rim meʼmorchiligidagina emas, balki jahon meʼmorchilik sanʼatida ham haqiqiy inqilob boʻldi. Bu sistema katta fazoviy kenglikni yopa oladigan, xona ichida esa katta fazoviy kenglikni yaratish imkoniyatini beradigan meʼmorchilik kompozitsiyalarini vujudga keltirdi. Rim sanʼatidagi oʻziga xoslik tasviriy sanʼatda, ayniqsa, uning portret janrida yaqqol namoyon boʻldi. Bu yerda juda erta dastgoh sanʼati rivoj topdi. Hikoyanavis boʻrtma tasvir sanʼati ham rimliklar sanʼatining oʻziga xos tomonini belgilaydi. Qadimgi Rim tarixi eramizdan awalgi VI asrdan boshlanib, yangi eraning V asrigacha boʻlgan davrini oʻz ichiga oladi. Eramizdan avvalgi VI asrga kelib, Rim aristokratik quldorlik respublikasiga aylandi. U Apenin yarimorolini zabt etib, oʻrta yer havzasida oʻz hukmdorligini oʻratgach, eramizdan avvalgi II asr o ʻrtalariga kelib, shu yerdagi yirik davlatga aylandi. Bosib olingan yerlardan boyliklarning Rimga olib kelinishi uning ravnaqida muhim rol oʻynadi, shu bilan birga, inqirozini ham tezlashtirdi. Mulkiy tengsizlik oshdi, ekspluatatsiyaning kuchayishi esa omma orasida norozilikni keltirib chiqardi. Ayniqsa, qullar qoʻzgʻoloni (bular ichida Spartak qoʻzgʻoloni mashhur) respublika davrining inqirozga yuz tuta boshlaganini bildirdi. Uning oʻrnini Rim imperatorlik davri egalladi. Bu davr eramizdan avvalgi 1 asr oxiridan yangi eraning 476-yiligacha davom etdi[1].