Ozarbayjon bayrogʻi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Ozarbayjon milliy bayrogʻi (shuningdek, Uchrangli bayroq ham deyiladi; ozarbayjoncha: Azərbaycan bayrağı) — Ozarbayjon Respublikasining davlat ramzlaridan biri. Bayroq tuzilishi toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodan tashkil topgan boʻlib, gorizontal holatdagi bir xil oʻlchamdagi toʻq koʻk, qizil va yashil kabi uch xil rangdan iborat. Bayroq markazida oq rangda yarim oy va sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Bayroqdagi toʻq koʻk rang ozarbayjonlarning turkiy xalqlardan biriligini, qizil rang taraqqiyotni, yashil rang esa islomni tamsil etadi.
Ozarbayjon bayrogʻi | |
---|---|
ozarbayjoncha: Azərbaycan bayrağı | |
Subyekt | Ozarbayjon |
Tasdiqlangan sanasi | 9-noyabr, 1918-yil (105 yil avval) (1918-11-09) |
Bekor qilingan sanasi | 1920-yil |
Qayta tasdiqlangan sanasi | 5-fevral, 1991-yil (33 yil avval) (1991-02-05) |
Qoʻllanilishi | Milliy bayroq va ramz |
Mutanosibligi | 1:2 |
Muallifi | Ali bey Huseynzade |
Dizayni | koʻk, qizil va yashil ranglarni aks ettirgan gorizontal trikolor |
Boshqa variatsiyalari | |
Qoʻllanilishi | Prezident shtandarti |
Mutanosibligi | 1:2 |
Har yili 9-noyabrda nishonlanadigan Ozarbayjon bayrogʻi kuni 2009-yil 17-noyabrdagi 595-sonli qonun bilan belgilab qoʻyilgan. Ushbu sana 1918-yil 9-noyabrda Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tomonidan uch rangli bayroqning ilk bor davlat bayrogʻi sifatida qabul qilingan kun ekanligi munosabati bilan tanlangan. Bayroq respublikada 1920-yil sovet qoʻshinlari Ozarbayjonga bostirib kirgunga qadar amalda boʻlib turgan. 1991-yil 5-fevralda mamlakat Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishgach, 1918-yilgi bayroq ranglar va oʻlchamdagi biroz tafovut bilan qayta qabul qilingan.
Bayroq haqida Ozarbayjon konstitutsiyasi va madhiyasida ham eslab oʻtilgan. Bayroq quruqlikda fuqarolik, davlat va urush ramzi sifatida, dengizda esa fuqarolik, davlat, dengiz ishorasi, shuningdek, bayroqdan dengiz flotida foydalanib kelinadi. Ozarbayjonda bayroqdan foydalanish qonunlar orqali tartibga solingan. Bayroq tahqirlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bayroq Ozarbayjon tarkibidagi Naxichevan avtonom respublikasida ham rasmiy maqomga ega.