Orttirilgan immun tanqisligi sindromi
odamda retrovirus guruhiga mansub virus qoʻzgʻatadigan kasallik / From Wikipedia, the free encyclopedia
Orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) — retrovirus guruhiga mansub virus qoʻzgʻatadigan kasallik; ikki davrga boʻlinadi: OIV infeksiyasi va bevosita OITS (SPID) davri. OIV infeksiyasi davri odam organizmida virus bor, lekin kasallik alomatlari hali namoyon boʻlmagan davr. Virus deyarli bir vaqtda Parijda professor Lyuk Montanye hamda AQShda professor Gallo boshchiligidagi olimlar tomonidan kashf etilgan (1983-yil). Bu virus odamning immunitet tizimiga tanlab taʼsir koʻrsatadi, ayniqsa, SD4+ immun hujayralariga qirgʻin keltiradi. Virus odam organizmiga tushgach, 2–3 kundan soʻng, 25–30% hollarda birlamchi infeksiya davriga xos alomatlar kuzatilishi mumkin. Bu „oʻtkir serokonversiya sindromi“ deb ataladi, bunda harorat koʻtariladi, tunda terlash, boʻgʻimlar va bosh ogʻrigʻi, loxaslik, qayt qilish, ich ketishi, badanda, ayniqsa, uning yuqori qismida toshmalar paydo boʻlishi mumkin. Bu alomatlar odam organizmiga tushgan virus taʼsiriga immunitet tizimi maʼlum darajada javob qaytarish reaksiyasi bilan bogʻliq. Lekin bu davrda antitelolarni aniqlash natija bermaydi, chunki immunitet tizimining javobi hali toʻliq shakllanmagan boʻladi. Kasallikning bu davri 8–10 yilgacha, baʼzan undan ham uzoq davom etishi mumkin. Hozirgi kunda amaliyotda OIV infeksiyasi tashxisini qoʻyish qonda kasallik virusiga qarshi paydo boʻlgan antitelolarni aniqlash — immun ferment taxlili (IFT) reaksiyasiga asoslangan. Dastlabki antitelolar virus organizmga tushgach, 3 haftadan soʻng shakllana boshlasa ham, qoʻllanadigan diagnostikumlar ularni ilgʻay olmaydi. Shu bois, odamga ushbu infeksiya ilashgani toʻgʻrisida virus organizmga tushganidan soʻng 90 kun oʻtkazib olingan tekshirish natijasiga qarab xulosa chiqarish mumkin.
OITS OIV infeksiyasining yakuniy davri hisoblanadi. Virus bilan organizm oʻrtasidagi kurash uzoq davom etib, virusning ustunligi bilan tugaydi. Shu vaqtdan OITS davri boshlanadi. Bu davrda odam organizmi har qanday mikrobga bardosh berish xususiyatini yoʻqotadi. Jumladan, nafas, meʼda-ichak, siydik yoʻllarida doimo mavjud boʻlgan va kasallik qoʻzgʻata olmaydigan mikroblar ham faollashib, turli xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Ularning namoyon boʻlishi organizmda yuzaga kelgan OITS holati bilan bogʻliq boʻlgani uchun, ushbu guruhga kiruvchi kasalliklar jamlangan holda OITS bilan bogʻliq (assotsirlangan) infeksiyalar deb ataladi. Bular bakterial infeksiyalar, zamburugʻli kasalliklar, viruslar qoʻzgʻatadigan kasalliklar, Kaposhi sarkomasi va hokazo.
Kasallik virusi infeksiya yuqqan odamning qonida, erkaklar shahvatida, ayollarning jinsiy aʼzolari chiqindilarida va koʻkrak sutida boʻladi. Shuning uchun OITS asosan, uch xil yoʻl bilan yuqadi: qon orqali, jinsiy aloqa vositasida va infeksiya yuqqan onadan homilasiga vertikal yoʻl bilan oʻtadi.
OITS bilan ogʻriganlarning koʻpchiligini narkomanlar (giyohvandlar), fohishalar, gomo va biseksuallar tashkil etadi. OITS organizmga jinsiy aloqa, parenteral muolajalar (nosteril igna, shprits va boshqa tibbiy anjomlar ishlatilganda), inifitsirlangan qon va uning oʻrnini bosuvchi dorilarni qoʻllash, aʼzo va toʻqimalarni koʻchirib oʻtkazish (transplantatsiya) vaqtida, shuningdek, virusni yuqtirib olgan onadan homilaga homiladorlik davrida, tugʻish jarayonida va goʻdak emiziladigan boʻlsa, koʻkrak suti bilan yuqib qolishi mumkin.
Oʻzbekistonda OIV/OITS bilan bogʻliq masalalar Sogʻliqni saqlash vazirligining OIV/OITS xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Respublika OIV/OITS markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi OIV/OITS markazi, Toshkent shahar va viloyatlar OIV/OITS markazlari oʻz hududlarida ushbu soha faoliyati bilan bogʻliq barcha profilaktik, epidemiologik, laboratoriya tekshiruvi, davolash tadbirlarini olib boradi. Har bir markaz qoshida oʻz ixtiyori bilan laboratoriya tekshiruvi uchun kelganlarni sir saqlagan holda tekshiradigan anonim xonalar mavjud. Maqsadli guruhlar giyohvandlar va seksiolog xodimlari bilan virus yuqib qolishining oldini olish maqsadida xufiyona ish olib boradigan Ishonch punktlari (IP) ham ishlaydi.