From Wikipedia, the free encyclopedia
Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasi, uzunligi 1314 km (816 mil) boʻlib, Qozogʻiston chegarasidan Tojikiston chegarasigacha choʻzilgan.[1] Bu Qirgʻizistonning boshqa qoʻshnilariga qaraganda eng uzun chegarasi hisoblanadi.
Chegara shimolda Qozogʻiston bilan chegara nuqtasidan boshlanib, soʻngra Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida barmoq shaklida kiritilgan oʻzbek yerlari boʻylab davom etadi. Chegara Pskem togʻlaridan oʻtadi, ularning katta qismi bir qator milliy bogʻlar (Oʻzbekistondagi Ugom-Chotqol davlat tabiat milliy bogʻi va Qirgʻizistondagi Besh-Orol davlat qoʻriqxonasi)ga aylantirilgan. Bundan tashqari chegara taxminan janubi-sharqqa qarab Chotqol va Qurama togʻlaridan oʻtib, Varzik shahri yaqinidagi Fargʻona vodiysini oʻz ichiga oladi. Chegaraning qolgan qismi Sharqiy Oʻzbekistonning „oʻq uchi“ shaklini hosil qiladi va bu hudud juda qiyshiq joylashgan. Bu „oʻq“ning shimoliy tomoni oʻrtada Oʻzbekiston hududining nuqtasini oʻz ichiga oladi va Qirgʻizistonning Kerben shahrining gʻarbiy chekkasida kichik oʻzbek anklavini tashkil qiladi. Oʻqning „uchi“ Xonobodning sharqiy tomonida joylashgan. Chegara gʻarbga bir qator egri chiziqlar boʻylab Tojikiston chegara punkti tomon oʻtadi.
Chegaraning eng shimoliy qismi togʻli boʻlib, aholi zich joylashgan Fargʻona vodiysini kesib oʻtuvchi qismdan farqli oʻlaroq, aholi juda siyrak yashaydi.
Oʻzbekiston oʻz temir yoʻl tarmogʻiga ega boʻlib, bu chegarani kesib oʻtadi va oʻzining kichik stansiyalariga toʻxtagandan soʻng oʻz hududiga kiradi, temir yoʻlning eng sharqiy qismi esa chegarani ikki marta kesib oʻtadi. Bu temir yoʻl tizimi sovet davrida qurilgan edi.
Chegara boʻylab bir nechta anklavlar joylashgan: Oʻzbekistonda Qirgʻiziston anklavi (Barak) va Qirgʻizistonda toʻrtta oʻzbek anklavi (Soʻx, Shohimardon, Jangayli va Choʻn-gʻara).
Rossiya XIX-asrda sobiq mustaqil xonliklari Qoʻqon va Xiva hamda Buxoro amirligini qoʻshib olib, Oʻrta Osiyoni bosib oladi. 1917-yilda hokimiyat tepasiga kommunistlar kelib, Sovet Ittifoqini oʻrnatgach, u Markaziy Osiyoni milliy hududiy demarkatsiya (yoki NTD) orqali etnik jihatdan respublikalarga boʻlishga qaror qiladi. Bu kommunistik nazariyaga to‘g‘ri kelgan edi. Millatchilik pirovardida kommunistik jamiyat yo‘lidagi zarur qadam qoʻyilishi kerak edi va Iosif Stalin millatni "umumiy til, mintaqa, iqtisodiy hayot negizida shakllangan tarixan tashkil topgan, barqaror insonlar jamoasi" va „umumiy madaniyatda yuzaga keladigan psixologik rivojlanish“ deb taʼriflagan edi.
NTD odatda "boʻlib tashla va hukmronlik qil" strategiyasidan boshqa narsa emas edi. Stalinning mintaqada sovet gegemonligini saqlab qolish uchun ataylab amalga oshirgan Makiavelist urinishi, uning aholisini har bir mamlakat ichida yashovchi ozchilik aholi vakillarini yoʻq qilish uchun sunʼiy ravishda yaratilgan va ataylab chizilgan chegaralar bilan alohida millatlarga boʻlish siyosati sifatida tasvirlanadi. Darhaqiqat, Sovetlar, masalan, 1920-yillardagi Bosmachi harakati tomonidan ifodalanganidek sovetlar panturk millatchiligining ehtimoliy tahdididan xavotirda boʻlsa-da,[2] birlamchi manbalar tomonidan maʼlum qilingan yaqinroq tahlillar odatda taqdim etilganidan koʻra ancha nozikroq manzarani namoyon qiladi.[3][4][5]
Sovetlar etnik jihatdan bir xil respublikalar barpo etishni maqsad qilgan, ammo koʻp hududlar etnik jihatdan murakkab edi. (masalan, aralash tojik-oʻzbeklar yoki Amudaryo atrofidagi turli turkman/oʻzbek qabilalari). Bunday sharoitda „toʻgʻri“ etnik boʻlishni amalga oshirish juda qiyin kechgan edi.[6][7]
Mahalliy milliy elitalar oʻz ishini qattiq himoya qildilar (koʻp hollarda boʻrttirib koʻrsatdilar) va mutaxassislar orasida mintaqa haqidagi maʼlumotli kishilarning yoʻqligi va mintaqada aniq yoki dolzarb etnografik maʼlumotlarning kamligi oqibatida Sovetlarning koʻpincha notoʻgʻri amaliyotlar qilishiga sabab boʻlgan edi.[8] Bundan tashqari, NTD iqtisodiy, geografik, qishloq xoʻjaligi va infratuzilma masalalarini, shuningdek, etnik kelib chiqishini hisobga oladigan „yashovchan“ aktivlarni yaratishni maqsad qilgan edi.[9][10]
Ushbu qarama-qarshi maqsadlarni umumiy millatchilik doirasida muvozanatlash uchun urinish juda qiyin va koʻpincha imkonsiz boʻlib chiqgan edi; bu koʻpincha egri chegaralar, bir nechta anklavlar va oʻzi oid boʻlmagan respublikada yashayotgan katta ozchilik xalqning paydo boʻlishiga olib kelgandi. Bundan tashqari, Sovetlar hech qachon bu chegaralarning bugungidek mustaqil, xalqaro chegara boʻlishini xohlamashmagan edi.
Etnik chegaralar boʻyicha hududlarni NTD 1920-yildayoq taklif qilgan edi.[11][12] Oʻsha paytda Oʻrta Osiyo Rossiya SFSR tarkibidagi ikkita Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (ASSR) dan iborat edi: 1918-yil aprel oyida tashkil etilgan va bugungi janubiy Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Tojikiston va Turkmanistonning katta qismini oʻz ichiga olgan va Turkiston ASSR 1920-yil 26-avgustda, taxminan, hozirgi Qozogʻiston hududining shimoliy qismiga toʻgʻri keladigan mintaqada Qirgʻiziston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etilgan edi. (Oʻsha yillarda qozoqlar „qirgʻiz“ deb atalgan. hozirgi qirgʻizlar esa qozoqlarning kichik guruhi hisoblanib, togʻda yashovchi „qora qirgʻizlar“, yaʼni „qora qirgʻizlar“ deb atalar edi). Buxoro amirligi va Xiva xonligi nomi ostida ikkita alohida voris „respublika“ mavjud edi. Ular 1920-yilda Qizil Armiya tomonidan egallangach, Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga aylantiriladi.[13]
1924-yil 25-fevralda Sovet Ittifoqi Siyosiy byurosi va Markaziy Qoʻmitasi Oʻrta Osiyoda NTD siyosatini davom ettirilishini eʼlon qiladi.[14][15] Jarayon Markaziy Osiyo byurosining Maxsus qoʻmitasi tomonidan nazorat qilinib, mintaqaning asosiy millatlari hisoblangan uchta kichik xalq (qozoqlar, turkmanlar va oʻzbeklar) bilan ishlagan.[16][17][18][19][20] Ehtimol, sovetlarda Xorazm va Buxoro XSRning hukumati oʻz respublikalarini saqlab qolish rejalari boʻlgan, lekin kommunistik partiyalarning keskin qarshiliklariga uchrashgan. 1924-yil aprelida ularda hududiy chegaralanish orqali boʻlib tashlashga qaror qiladilar (ayniqsa, Xorazm kommunistlari XXSRni boʻlib tashlashni istamadilar va ularning tarqatib yuborilishiga qarshi 1924-yilning iyul oyida jiddiy qarshilik qilishgan edi).[21]
Fargʻona vodiysidagi aralash aholi punktlarining tuzilishi tufayli Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegarani chizishda katta qiyinchiliklar yuzaga kelgan edi. Viloyat qoʻmitalari, qoida tariqasida, oʻtloq yerlarni qirgʻizlarga, dehqonchilik maydonlarini esa oʻzbeklarga berishadi.[22] Biroq sovetlar Qirg‘iziston chegaralarining shaharlarsiz qolayotganini va bu ularning keyingi iqtisodiy taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi, deb hisoblashgan.[23][24] Shuning uchun qirgʻizlarga oʻzbeklar yashaydigan Oʻsh shahri beriladi.[25] Andijon, Margʻilon va Jalolobod boʻyicha boshqa kelishmovchiliklar ham bor edi; eng oxrida birinchi ikkitasi oʻzbeklarga, Jalolobod esa qirgʻizlarga beriladi.[26] Dastlab chegara ancha uzunroq edi, chunki Oʻzbekiston SSR tarkibiga Xoʻjand viloyati va hozirgi Tojikistonning qolgan qismi Tojikiston ASSR sifatida kirgan edi. 1929-yilda Tojikiston Xoʻjandni egallab, toʻliq SSRga aylanganda chegara hozirgi holatini oladi.[27] Qora Qirg‘iz avtonom viloyati 1924-yil oktabrda dastlab Rossiya SSR tarkibiga kirgan va uning chegaralari hozirgi Qirg‘iziston bilan ayrim o‘xshashliklari bor edi. 1925-yil may oyida uning nomi Qirgʻiziston avtonom viloyatiga oʻzgartirildi, keyinchalik esa 1926-yilda Qirgʻiziston ASSR (dastlab Qozogʻiston ASSR deb atalgan Qirgʻiziston ASSR bilan adashtirmaslik kerak) va 1936-yilda Qirgʻiziston SSRga aylantiriladi.[28]
1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanib, uning tarkibiga kiruvchi respublikalar mustaqillikka erishgach, ular oʻrtasidagi chegara xalqaro chegaraga aylangan edi. 1990-yilda O‘sh shahridagi qirg‘iz-o‘zbek toʻqnashuvlari bilan ikki oʻrtada keskinlik yuzaga kela boshlaydi. 1999-2000-yillarda O‘zbekiston trans chegaraviy terrorizm xavfini bahona qilib, chegarani bir tomonlama demarkatsiya qilish va minalash ishlarini boshlab yuboradi.[29] 2001-yilda chegara qismlarini delimitatsiya qilish va anklavlarni markazga bilan bogʻlaydigan yoʻllarni almashtirish toʻgʻrisida shartnoma kuchga kirishi Oʻzbekiston tomonidan soʻralgan edi. Biroq bu kelishuv Qirgʻiziston tomonidan qabul qilinmadi, bu esa chegara boʻylab keskinlikning davom etishiga olib kelgan edi.[30]
Ammo so‘nggi yillarda munosabatlar yaxshilandi va 2018-yilda chegara shartnomasi imzolandi, bu chegaradagi cheklovlarning aksariyat qismini bekor qilindi; biroq, anklavlarning keyingi taqdiri haqidagi munozaralar hali ham davom etmoqda.[31][32]
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.