Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi – Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining yirik ilmiy tekshirish va madaniy-maʼrifiy muassasalaridan biri. 1876-yilda Toshkent muzeyi nomida tashkil etilgan. 1883-yil Turkiston ommaviy kutubxonasi bilan birlashtirildi. Etnografiya, arxeologiya, numizmatika, harbiy tarix boʻlimlari boʻlgan (1903). 1918-yil Turkiston oʻlka xalq muzeyiga, 1922-yildan Turkiston Bosh muzeyiga, 1925-yildan Oʻrta Osiyo Bosh muzeyiga aylantirildi. 1943-yildan Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb nomlangan. 1969—92-yillar Oybek nomidagi Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi deb atalgan. 1992-yil 21-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 203-sonli qaroriga muvofiq, bir necha muzeylarni birlashtirish asosida hozirgi nomi bilan qayta tashkil etildi.
Muzey Toshkent shahrida joylashgan boʻlib, Oʻzbekiston Davlat Tabiat muzeyi singari Markaziy Osiyo va Toshkentdagi eng qadimiy muzey hisoblanadi. U avval Turkiston xalq muzeyi deb nomlangan.