Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari
From Wikipedia, the free encyclopedia
Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallari — Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari. Ular bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun taqdirlanishlari mumkin. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi uchun xizmat koʻrsatgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham, ayrim hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy boʻlinmalar, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birliklari ham mukofotlanishi mumkin. „Davlat mukofotlari toʻgʻrisida“ Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi qonuniga koʻra, orden va medallar Oliy Majlis tomonidan taʼsis etiladi, orden va medallar bilan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti taqdirlaydi.
Orden, medal bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va orden, medalni topshirish qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Orden, medallar bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmonlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Bir shaxs ayni bir orden, medal bilan, qoida tariqasida, bir marta taqdirlanadi. Orden, medallar bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin. Fuqarolar navbatdagi mukofotga avval mukofot bilan taqdirlangan vaqtidan keyin kamida 3 yil oʻtgach taqdim etiladilar. Favqulodda hollarda avval taqdirlangan vaqtidan qatʼi nazar taqdim etilishlari mumkin. Har bir orden va medal Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan oʻz Nizom va tavsifiga ega. Orden va medallar, orden va medallarga oid tegishli hujjat tantanali vaziyatda topshiriladi. Orden va medal bilan mukofotlangan shaxslar bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar va qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar. Orden, medal bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda, orden, medal, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallari, mukofotlari, odatda, umumdavlat bayramlari hamda boshqa bayramlar va tantanali majlislar vaqtida taqib yuriladi. Boshqa hollarda esa nishondorlar yo orden, medallarini, yoxud ularning plankalardagi lentalarini taqib yurishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallarini, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurish qoidalari hamda orden va medallar lentalarining tavsifi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 6-apreldagi 1095-son farmoniga ilovada bayon qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallaridan shaxs ogʻir jinoyat sodir etgani uchun hukm qilinganida — sudning taqdimnomasiga binoan; shaxs oʻz shaʼnini badnom etuvchi xatti-harakatlar sodir etganida — taqdirlash toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish huquqiga ega boʻlgan organning taqdimnomasiga binoan mahrum etiladi.