Natsizm
From Wikipedia, the free encyclopedia
From Wikipedia, the free encyclopedia
Natsizm — davlat va jamiyatning sotsialistik tuzilishi millatchilik gʻoyalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan milliy sotsializmning siyosiy mafkurasi. Bu bir xalqning boshqalardan ustunligini targʻib qilish, irqiy kamsitish va etnik urushlarni oqlash imkonini beradi. Bunday mafkuraning eng muhim koʻrinishlari — totalitarizm, bozor iqtisodiyotini rad etish, umumiy harbiy xizmatni joriy etish, toʻliq murosasizlik va yakdillik muhiti.
Natsizm — nemislarning 1919-1945-yillardagi totalitar, radikal, ekstremistik, ultraoʻng, irqchi va antisemitik mafkurasi va harakati, fashizmning bir shakli. Etnik natsionalizmni, „oriylar irqi“ gʻoyasi va uning boshqa irqlar ustidan biologik va madaniy ustunligini; irqchi antisemitizm, slavyanofobiya, „oriycha“ sotsializm, antikommunizm, antiliberalizm, antidemokratizmni ulugʻlaydi. Natsizmning bosh mafkurachisi Adolf Gitler boʻlgan. Uning asosiy gʻoyasi oriylar irqining boshqa irqlardan ustunligi va semit irqiga (yaʼni, yahudiylarga) qarshi kurashdan iborat boʻlgan. Gitler nemislarni biologik jihatdan boshqalardan ustun boʻlgan oriylar irqiga mansub deb hisoblagan. Yahudiylar esa past irq hisoblanib, german xalqlari yonida yashashga nomunosib deb topilgan. Natsistlar slavyanlarni ham past irqqa mansub koʻrishgan. Natsizm fashizmdan totalitarlikni, davlatning birlamchilik gʻoyasi, jangovarlikni olib, unga Gitlerning bir insonning tugʻilishiga koʻra boshqalardan ustunligi, oriylar irqi nazariyasi haqidagi uydirmalarni qoʻshgan. Natsistlar oriylarni tugʻilganidan boshlab boshqa xalqlar ustidan hukmronlik qiladigan hukmdorlar irqi hisoblagan.
Fanda Gitler hisoblaganidek, oriylar deganda koʻzlari moviy, sochlari malla, yevropacha tashqi koʻrinishga ega insonlar emas, hind-eron tillarida soʻzlashuvchilar tushuniladi. Yaʼni Pokiston, Afgʻoniston, Tojikiston aholisi, yoki masalan, natsistlar yahudiylar bilan bir qatorda qirgan loʻlilar.
Natsizm — eng radikal, XX asrda dahshatli iz qoldirgan natsional-sotsialistik Germaniyaning mafkurasiga ishora qiluvchi termindir. Natsional-sotsializm kelib chiqishi murakkab boʻlgan mutant boʻlib, u bir tomondan italyan fashizmi ruhiyatdan paydo boʻlgan, bunga XX asrning birinchi yarmida Germaniyada mavjud boʻlgan irqlarga oid nazariyalar ham qoʻshilgan. Shuningdek, natsional-sotsializmda natsist dohiylarning Germaniya bilan Birinchi jahon urushida sodir boʻlgan voqealarga shaxsiy alami ham muhim iz qoldirgan. Nemischa natsizm yoki mafkurachilarning oʻz tili bilan aytganda natsional-sotsializm 1920-yilda natsional-sotsialistik nemis ishchi partiyasi — NSDAPga asos solinishiga sabab boʻlgan. 1933-yilning yanvarida u Germaniyada hokimiyat tepasiga keladi. Oʻsha yilning yozida u mamlakatdagi yagona qonuniy partiyaga aylanadi. Uning yetakchisi Adolf Gitler boʻlgan. U yarim yil ichida mamlakatdagi barcha boshqa partiyalarni taqiqlashga ulguradi.
Aynan NSDAP Holokost, Ikkinchi jahon urushi va natsistlar, toʻgʻrirogʻi, natsional-sotsialistlar tomonidan sodir etilgan minglab jinoyatlar uchun javobgar. Partiya va gʻoya nomidagi sotsialistlar soʻzi sobiq SSSR davlatlarida gitlerchilarni natsistlar deyishdan koʻra fashistlar deb atalishini odatga aylantirgan. Chunki sovet sotsialistik respublikalari ittifoqi rahbariyati natsional-sotsialistlarni oʻz dushmanlari safida koʻrishni istamagan. Chunki nomlarda chalgʻituvchi oʻxshash soʻzlar ishtirok etmoqda. Shu sababli sovet propagandasi gitlerchilarni „nemis-fashist gazandalari“ deb atashgan. Bu yerda xato yoʻq. Chunki natsizm fashizmning koʻplab jihatlarini oʻzlashtirgan va fashistik mafkuraning bir varianti sifatida koʻrilishi mumkin. Xullas, bugunga kelib natsistni fashistdan hamma ham ajrata olmaydi. Har ikki iborada davlat, dohiy va urush kulti, demokratiya va individual erkinliklarni rad etish, parlamentarizm va inson huquqlari ustidan kulish bilan bogʻliq juda koʻp umumiy jihatlar bor. Lekin bu holda natsional-sotsializmning farqli jihati — oʻrtaga tikilgan dov miqdorini keskin koʻtarishga tayyor ekanida. Agar fashizm koʻproq Italiya va uning mustamlakalarini qayta tuzishga qaratilgan milliy harakat boʻlsa, natsional-sotsializm oʻzini reyxning natsist mafkurachilari tomonidan noraso irqlar deb belgilangan dushmanlarini qirishni maqsad qilgan global loyiha sifatida koʻrilgan. Bu genezis va detallardagi yagona farq emas, lekin bu asosiy farq. Natsional-sotsialistlar — eng maksimal darajadagi fashistlar. Natsizm taʼlimoti maʼlum bir millat boshqalarga nisbatan zoʻrroq ekanini iddao qiladi va u noraso millat deb hisoblanuvchi millatlarni yoʻq qilishga intiladi. Lekin boshqa millatlarga nisbatan har qanday nafrat natsizm boʻladimi? Chunki baʼzan bunday nafrat biror mafkuraviy taʼlimotlarga emas, muayyan bir davlatning xatti-harakatlariga asoslangan boʻladi.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.