Muhammadning harbiy faoliyati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Muhammadning harbiy faoliyati (570-yil–632-yil 8-iyun) Islom paygʻambari hayotining soʻnggi oʻn yilida, 622-yildan 632-yilgacha boʻlgan gʻarbiy Arabiston yarim orolining Hijoz mintaqasi boʻylab bir nechta ekspeditsiya va janglarni oʻz ichiga oladi. Uning asosiy yurishi Makkadagi oʻz qabilasi Qurayshga qarshi edi. Muhammad 610-yillar atrofida oʻzini paygʻambar deya eʼlon qilganidan keyin 622-yilda Quraysh tomonidan taʼqibga uchraydi va Madinaga hijrat qiladi. Qurayshga qarshi olib borilgan bir qancha janglardan soʻng Muhammad 629-yilda Makkani egallab, qabilaga qarshi yurishlarini tugatadi.
Muhammad Qurayshga qarshi yurishi bilan bir qatorda Arabistonning boshqa bir qancha qabilalariga, xususan, Madinadagi uchta arab yahudiy qabilasiga va Haybardagi yahudiy qal’asiga qarshi yurishlarni boshqargan. 624-yilda Madina Konstitutsiyasini buzgani uchun Banu Qaynuqo qabilasini, undan keyin esa 625-yilning may oyida unga suiqasd uyushtirishda ayblangan Banu Nodir qabilasiga qarshi yurish qilib, ularni Madinadan quvib chiqaradi. 628-yilda yahudiylarning Haybar qal’asini qamal qiladi va u yerga bostirib kiradi. Ushbu qal’ada 10 000 dan ortiq yahudiylar istiqomat qilgan.
Muhammad Shimoliy Arabiston va Shomdagi Vizantiya imperiyasi va Gʻasoniylarga qarshi bir necha qoʻshin yuborgan. Muhammadning oʻlimidan oldin uning boshchiligidagi oxirgi qoʻshin 630-yining oktyabr oyida olib borilgan Tabuk gʻazoti boʻlgan. U Arabiston yarim orolining koʻp qismini birlashtirib, xalifaliklar ostida keyingi Islom ekspansiyasiga asos solgan va Islom harbiy yurisprudensiyasini belgilab bergan.