Katta Markaziy Osiyo
From Wikipedia, the free encyclopedia
Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishgandan so‘ng oradan o‘tgan uzoq davr mobaynida ular integratsiyasi deyarli rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib, yagona bozor, bojxona ittifoqi va yagona valyutaning shakllanish jarayoni esa deklarativ bo‘lib qolayotgan edi. Mintaqada yetakchilik uchun raqobatning kuchayib borgani milliy identitetni shakllantirish maqsadida umumiy tarixni o‘z millatini ustun qo‘ygan holda talqin qilish, mamlakatlar islohotlar jarayonini sinxronlashtirish o‘rniga turli islohot modellarini tanlashi ularni bir-biridan tobora uzoqlashtira boshladi va mintaqaviy hamkorlikni kun tartibidan chetga surib qo‘ydi. Qayd etish joizki, integratsiya jarayoni “Turkiston – umumiy uyimiz” shiori ostida amalga oshirila boshlagan edi. Bu mintaqada tashkil topgan chegaralardan emas, aksincha, XX asr boshlaridagi hali milliy milliy-hududiy chegaralar tortilmasidan burungi davrdan kelib chiqib qilingan ish edi. Integratsiya bilan bog‘liq voqealarning rivojida mintaqaga tashqi faktorlar – o‘yinchilarning eʼtibori oshishi rol o‘ynadi. Masalan, Rossiya mintaqaga yaqin xorij/postsovet makonining bir bo‘lagi deb qaragan va bu yerda o‘z taʼsirini tiklashga urinayotgan edi. AQSH uzoq yillar mobaynida Afg‘onistonni mintaqaning bir qismi deb hisoblovchi “Katta Markaziy Osiyo” konsepsiyasini va “Janubiy va Markaziy Osiyo” konsepsiyasini ilgari surib keldi. Xitoy esa ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatishni afzal bildi, mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqishga unchalik qiziqish bildirmadi. Markaziy Osiyodagi beshta davlatni birlashtiruvchi mintaqaviy tuzilma yo‘qligi sabab ushbu jug‘rofiy makonda turli integratsiya va muloqot platmorfalarining turli-tuman mozaikasi shaklllandi.