![cover image](https://wikiwandv2-19431.kxcdn.com/_next/image?url=https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/9/94/Bundesarchiv_Bild_183-R01996%252C_Brieftaube_mit_Fotokamera_cropped.jpg/640px-Bundesarchiv_Bild_183-R01996%252C_Brieftaube_mit_Fotokamera_cropped.jpg&w=640&q=50)
Kabutardan suratga olish
From Wikipedia, the free encyclopedia
Kabutardan suratga olish — 1907-yilda nemis farmatsevti Julius Neubronner tomonidan ixtiro qilingan havodan suratga olish usuli. Neubronner dori-darmonlarni yetkazib berish uchun baʼzida kabutarlardan foydalangan. Tashuvchi kabutar koʻkragiga alyuminiydan yasalgan jabduqlar oʻrnatilgan va unga kichik kamerani oʻrnatish mumkin boʻlgan. Neubronner 1907-yilda ixtiroga nemis patentini olish maqsadida bergan arizasi rad etilgan. Soʻngra, 1908-yil dekabrda u kabutarlari tomonidan olingan fotosuratlarni haqiqiyligini isbotlagach, patent olishga muvaffaq boʻldi. U 1909-yilgi Drezden xalqaro fotokoʻrgazmasida rasm olishdagi ushbu yangicha texnikani namoyish etgan. Baʼzi rasmlarni Frankfurt xalqaro aviatsiya koʻrgazmasida, shuningdek, 1910- va 1911-yillardagi Parij havo koʻrgazmalarida otkritka sifatida sotgan.
![Thumb image](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/9/94/Bundesarchiv_Bild_183-R01996%2C_Brieftaube_mit_Fotokamera_cropped.jpg/320px-Bundesarchiv_Bild_183-R01996%2C_Brieftaube_mit_Fotokamera_cropped.jpg)
Dastlab, kabutarlardan suratga olish ixtirosidan havo razvedkasi maqsadida ham foydalanib koʻrilgan. Birinchi Jahon urushi paytidagi jangovar sharoitlarda dalada oʻtkazilgan sinovlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan boʻlsa-da, bu davrda aviatsiyaning jadal rivojlanishi tufayli kabutarlarga boʻlgan ehtiyoj susaygach, Neubronner oʻz tajribalaridan voz kechishga majbur boʻlgan. Bu gʻoya 1930-yillarda shveysariyalik soatsoz tomonidan, shuningdek, nemis va fransuz harbiylari tomonidan qisqa vaqt ichida qayta koʻrib chiqilgan. Ikkinchi Jahon urushi davrida kabutarlardan keng miqyosda foydalanilgan boʻlsa-da, qushlarning havodan razvedka qilishdagi ishtiroki nomaʼlum. Keyinchalik Amerika Qoʻshma Shtatlari Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) josuslik uchun moʻljallangan akkumlyatorli kamerani ishlab chiqqan. Undan foydalanish tafsilotlari davlat siri boʻlib qolgan.
Taymer mexanizmiga ega kichik va yengil kameralarni yasash hamda qushlarni kerakli yuklarni koʻtarishga oʻrgatish katta qiyinchiliklar tugʻdirgan. 2004-yilda Britaniya radioeshittirish korporatsiyasi (BBC) jonli tasvirlarni olish uchun lochinlar va accipiter gentilislarga biriktirilgan kameralardan foydalangan. Shuningdek, bugungi kunda baʼzi tadqiqotchilar, hayvonsevarlar va rassomlar xuddi shu tarzda hayvonlarga kichik kameralarni oʻrnatishadi.