From Wikipedia, the free encyclopedia
Intellektual mulk huquqi – intellektual (aqliy) faoliyat natijasiga tegishli huquq. Mulk egasi ana shu intellektual mulk obʼyektlaridan oʻz xohishiga koʻra, har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqiga egadir. Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli boʻlgan intellektual mulk obyektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining roziligi bilangina yoʻl qoʻyiladi (Oʻzbekiston Respublikasi FK, 1034-modda). Baʼzi obyektlarga nisbatan (ixtiro, sanoat namunasi, foydali model, individuallashtirish vositalari (tovar (xizmat) belgisi, firma nomi va sh. k.)) mutlaq huquq davlatning vakolatli organi tomonidan beriladigan maxsus hujjat – patent, guvohnoma asosida vujudga keladi va huquqiy muhofaza qilinadi.
Intellektual mulk obyektlari fuqarolik huquqining boshqa obyektlari – ashyolar, qimmatbaho qogʻozlardan quyidagi xususiyatlari boʻyicha farq qiladi: a) koʻp hollarda ular moddiy koʻrinishda emas, balki gʻoya, bilim, axborot shaklida namoyon boʻladi; b) gʻoya, bilim shaklidagi intellektual mulk obyektiga odatdagi moddiy ashyoga egalik qilganday egalik qilish mumkin emas; v) shaxslar bunday obyektlardan ayni bir vaqtning oʻzida cheksiz doirada foydalana olishi mumkin; g) mulk huquqining muddatsiz ekanligi haqidagi qoida (FK, 164-modda) intellektual mulk huquqi obyektlariga nisbatan qoʻllanilmaydi, binobarin aksariyat hollarda (nou-xauga nisbatan istisnoni nazarga olmaganda) intellektual mulk huquqining amal qilishi qonunlarda belgilangan muddatlar bilan chegaralangan boʻladi; d) qonunlarda belgilangan muddatlar utishi bilan intellektual mulk huquqi egasining maʼlum intellektual mulk obyektiga nisbatan huquqlari bekor boʻladi va u umuminsoniy boylikka aylanib, har kim undan maʼlum shartlar asosida (muallifining shaxsiy huquqlariga rioya qilgan holda) tekin va ruxsatsiz foydalanishga haqli boʻladi; ye) intellektual mulk huquqi obyektlariga nisbatan mulk huquqini himoya qilishda vindikatsiya daʼvosini qoʻllab (FK, 228-modda) boʻlmaydi; yo) intellektual mulk huquqi obyektlariga nisbatan odatdagi mulk huquqiy emas, balki mutlaq huquqlar haqidagi qoidalar qoʻllanadi; j) intellektual mulk huquqining amal qilishi ayni vaqtda maʼlum hudud bilan chegaralangan boʻladi. Mas, ixtiroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Patent idorasi tomonidan berilgan patent Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan xalqaro konvensiyalar, u bilan xorijiy davlatlar oʻrtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar asosida belgilangan hududlardagina amal qilag di; z) koʻpgina intellektual mulk obyektlarining mualliflariga taalluqli shaxsiy huquqlar ham mavjud boʻlib, bu obyektlardan foydalanuvchilar mazkur huquqlarga rioya qilishi shart.
Intellektual mulk obyektlari qanday faoliyat mahsuli ekanligi, huquqiy rejimi va sh.k. xususiyatlariga qarab, quyidagi turlarga boʻlinadi: a) intellektual faoliyat natijalari: fan, adabiyot, sanʼat asarlari; eshittirish tashkilotlarining ijrolari, fonogramma va eshittirishlari; elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumot bazalari; ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari; seleksiya yutuqlari; oshkor etilmagan axborot, shu jumladan, ishlab chiqarish sirlari (nou-xau) dan iborat; b) fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (firma nomlari; tovar (xizmat) belgilari; tovar chiqarilgan joy nomi; v) FK da va b. qonunlarda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi boshqa vositalar (FK 1031-modda). Mazkur faoliyatning yangi mahsullariga, firmalar, tovarlar, ishlar, xizmatlarning yangi nomlari va alomatlariga nisbatan ham FK (4-boʻlim) da va b. qonunlarda intellektual mulkka oid belgilangan qoidalar qoʻllanadi.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.