Havo
From Wikipedia, the free encyclopedia
Havo — gazlar, asosan, Yer atmosferasini tashkil etuvchi azot va kislorodning tabiiy aralashmasi. Havo va suv taʼsirida Yer sirtida muhim geologik jarayonlar sodir boʻladi, ob-havo va iqlim shakllanadi. Havo deyarli barcha tirik organizmlarning yashashi uchun zarur kislorod manbaidir (qarang Aeroblar, Nafas). Yoqilgʻining havoda yonishidan odamlar oʻz turmush va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur issiqlik olishda qadimdan foydalanib kelishadi. Oʻtmishda olimlar havoni mavjudlikning asosini tashkil etuvchi elementlardan biri deb hisoblashgan. Havoni mustaqil modda degan tushuncha 18-asr oxirigacha davom etib keldi. 1775—1777-yil fransuz kimyogari Antoine Lavoisier havo tarkibida azot va kislorod, 1894-yil ingliz olimi William Ramsay va John William Strutt argon borligini isbotladi. Shundan keyin havo tarkibida boshqa inert gazlar ham mavjudligi aniqdandi.