![cover image](https://wikiwandv2-19431.kxcdn.com/_next/image?url=https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/e/e2/OrteliusWorldMap1570.jpg/640px-OrteliusWorldMap1570.jpg&w=640&q=50)
Geografik determenizm
From Wikipedia, the free encyclopedia
Geografik determenizm.
![Thumb image](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/e/e2/OrteliusWorldMap1570.jpg/640px-OrteliusWorldMap1570.jpg)
O‘zbekiston joylashgan hudud turli xil mezonlarga ko‘ra, ulkan geosiyosiy ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston dunyoning strategik ahamiyatga molik bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasining qoq markazida joylashgan. Bu geografik jihatdan bevosita Makkinder tomonidan ishlab chiqilgan “Heartland” nazariyasini ayni ko‘rishidir. 1904 yilda ingliz olimi H.Makkinder “Tarixning geografik o‘qi” nomli ma’ruzasini “Geografiya juranali”da chop etdi va bu fan tarixidagi eng yorqin geosiyosiy matnga aylandi. H.Makkinder davlat uchun eng qulay geografik joylashuv bu uning markazidir, deb hisoblaydi. Uning qayd etishicha, butun jahon nuqtai nazaridan, erning markazida Yevroosiyo qit’asi, uning markazida esa “Heartland” (Yerning yuragi) joylashgan. Shundan kelib chiqib, H.Makkinder quyidagi konsepsiyasini ilgari surdi: “Kim Sharqiy Evropada hukmronlik qilsa, u “Heartland” ustidan hukmronlik qiladi, kim “Heartland” ustidan hukmronlik qilsa, dunyo orollarini boshqaradi, dunyo orollarini boshqargan, butun dunyoni boshqaradi”. Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti (Foreign Policy Research Institute) eksperti Kriss Sipl o‘z maqolasida Makkinderning nazariy formulasiga tayangan holda O‘zbekistonni Evroosiyoning geosiyosiy xartlendi deb nomlaydi va Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatida O‘zbekiston amaliy geosiyosati bilan alohida ajralib turishini tahlil etadi. Kriss Siplning asosiy e’tibori O‘zbekistonning 2001 yil sentyabr voqealaridan so‘ng AQSH va Yevropa bilan bog‘langan hamkorligiga qaratiladi. Uning fikriga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning xartlenddagi strategik ahamiyatini 2001 yildan so‘nggina anglab etdi. Yuqoridagi qarashlarni to‘ldirib, tadqiqotchi O.Sirojov quyidagicha yozadi: “Ma’lumki, geosiyosatdagi mavjud xartlend nazariyasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo yer yuzi, mintaqalarning geosiyosiy yadrosi yoki markazi hisoblanadi. Markaziy Osiyoning xartlendi, geosiyosiy yadrosi esa O‘zbekistondir. SHu nuqtai nazardan, mamlakat poytaxti Toshkentga “Sharq darvozasi” deb ta’rif berishadi” . Ushbu fiklarga muvofiq eng muhim dalil shuki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi bilan umumiy chegaraga ega mintaqada yagona davlatdir. Aniqroq qilib aytganda, O‘zbekiston tashqi siyosiy qarorlari o‘z-o‘zidan mintaqaning geosiyosiy yo‘nalishlarini belgilashga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Bu O‘zbekistonning mintaqadagi geosiyosiy o‘rnini etakchi kuch markazlari tomonidan jiddiy e’tiborga olishni talab etadi. Ekspert V.Paramonov Markaziy Osiyoga tashqi kuchlarning ta’sirini baholar ekan, mintaqaviy va jahon darajasidagi davlatlar ushbu mintaqaga geosiyosiy regionalizm yondashuvi asosida hamda Evroosiyo kuch markazlari o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy manfaatlar tutashgan yagona geosiyosiy makon sifatida qarashlarini qayd etadi. Bundan tashqari, ushbu geosiyosiy makonda faqat O‘zbekiston shunday kuch markazlarining bevosita ta’siridan tabiiy muhofazalangan mintaqadagi yagona davlat hamdir. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston mintaqada Rossiya, Xitoy, Eron singari kuch markazlari bilan bevosita chegaraga ega emas. Bunday geosiyosiy maqom parallel ravishda O‘zbekiston zimmasiga mintaqada kuchlar muvozanati va o‘zaro ichki barqarorlikni ta’minlash mas’uliyatini ham yuklaydi. O‘zbekiston jahonning to‘rtta yadroviy davlati (Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston) qurshovida bo‘lgan yagona mintaqaning markaziy qismi hisoblanadi. Rasmiy Toshkent yadroviy omilning mintaqaga harbiy-siyosiy ta’sir va bosim o‘tkazish vositasiga aylanish ehtimoli mavjudligini anglagan holda “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi” shartnomasi (Semipalatinsk, 2006 yil 8 sentyabr) tashabbuskoriga aylandi. Mazkur shartnoma nafaqat mintaqaviy, balki XXI asr xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etishdagi dastlabki qadam bo‘ldi, deb ta’kidlashga barcha asoslar bor. 2014 yil 6 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida mazkur tashkilot tuzilganidan buyon birinchi marotaba besh yadroviy davlat - AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya yakdillik bilan va bir paytning o‘zida muhim xalqaro hujjatni - Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaga Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokolni imzolashdi . Geografik determenizm omilini bayon etishda O‘zbekistonning strategik yo‘laklarga olib chiquvchi tranzit chorrahasida joylashganini ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz Evropani Osiyo, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Uzoq SHarqni YAqin SHarq bilan bog‘lash mumkin bo‘lgan transport-kommunikatsiya yo‘laklarining muhim halqasidir. O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov ayni shunday geostrategik joylashuvning tahlikali jihatlari ham mavjudligini shunday izohlaydi: “O‘zbekiston amalda Fors ko‘rfazi, Kaspiy dengizi havzasi va Tarim havzasining neft va gazga juda boy konlari joylashgan yarim halqaning strategik markazidir. YA’ni, bu yarim halqa atrofida butun dunyoda energiya taqchilligi sharoitida yaqin yillarda Evroosiyo va jahon kelajagi uchun hal qiluvchi rol o‘ynaydigan energiya zaxiralari mavjud” . SHu ma’noda, O‘zbekiston jo‘g‘rofiy-siyosiy holati mintaqalararo transport-tranzit tizimlarida o‘z o‘rnini topa olishi zarurligini anglatadi. Har tomonlama yopiq bo‘lganiga qaramay, O‘zbekistonning xalqaro Sharq-G‘arb, SHimol-Janub transport yo‘llaridagi geografik joylashuvi unga xalqaro transport tarmog‘ining zaruriy qismi bo‘lishida katta imkoniyatni taqdim etadi. Shu boisdan tarixda Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston joylashgan hududlardan o‘tgan. Zamonaviy ipak yo‘lini tiklashga qaratilgan Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” (One Belt, One Road) loyihasi istiqbollari ham shak-shubhasiz, O‘zbekistonning mintaqalararo transport-tranzit chorrahasi sifatidagi rolini e’tirof etilishiga uzviy bog‘liq.