Gʻarbiy Afrikadagi Ebola virusi epidemiyasi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Gʻarbiy Afrikadagi Ebola virusi epidemiyasi (2013–2016) — Ebola gemorragik isitmasining tarixdagi eng yirik epidemiyasi. Epidemiya mintaqada, xususan, Gvineya, Liberiya hamda Syerra-Leoneda koʻplab odam halok boʻlishiga hamda ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga sabab boʻldi. Ilk holatlar 2013-yil dekabrda Gvineyada qayd etildi, keyinroq qoʻshni Liberiya hamda Syerra-Leonega tarqaldi.[1] Epidemiya kichikroq koʻlamda boshqa hududlarga ham yoyildi. Virusni umumiy hisobda 28,616 nafar kishi yuqtirdi, ularning 11,310 nafari vafot edi. Yaʼni, virusni yuqtirganlarning 40% halok boʻldi.[2]
Virus ozroq koʻlamda Nigeriya hamda Maliga ham tarqaldi.[3][4] Senegal,[5] Buyuk Britaniya hamda Italiyada ham oz sonli holat qayd etildi.[6][7] AQSh va Ispaniyada kasallikning bemorlardan tibbiy xodimlarga yuqish holatlari kuzatildi, ammo bu mamlakatlarda virus tarqalishi oldi olindi.[8][9] Virusni yuqtirishlar soni 2014-yilning oktabrida eng yuqori koʻrsatkichga yetdi va keng koʻlamli xalqaro kurash natijasida asta-sekin ozaya boshladi. 2016-yilning 8-mayida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda virus tarqalgan davlatlar hukumatlari umumiy hisobda 28,646 nafar odam virusni yuqtirgani, ularning 11,323 nafari halok boʻlgani taxmin qilinayotganini maʼlum qildi.[10] (39.5%). Ammo Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti aslida kasallikni yuqtirganlar soni bunda ancha yuqori boʻlganiga ishonadi.[11]
2014-yilning 8-avgustida epidemiya xalqaro darajadagi favqulodda holat deb eʼlon qilindi.[12] 2016-yilning 29-martida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti favqulodda vaziyatni bekor qildi.[13][14][15] Buning ortidan virusni yuqtirish holatlari kuzatildi; soʻnggi marta 2016-yilning 9-iyunida virusni yuqtirish holatlari kuzatildi. Bundan 42 kun oldin — 2016-yilning 28-aprelida Monroviyada soʻnggi bemor sinovi u tuzalganini koʻrsatgan edi.[16]
Virusni yuqtirgan taqriban 17,000 odam tirik qoldi. Ularning aksarida post-Ebola sindromi deb ataluvchi simptomlar kuzatildi. Ularning ayrimlari bir necha oy yoki yil davomida davolanishga majbur boʻldi. Virusning tuzalgan shaxs tanasida bir necha oy yoki yil „yashirinib“ olib, soʻngra uning oʻzida yoki jinsiy sherigida qayta faollashishi xavotirga sabab boʻldi.[17] 2016-yilning dekabrida Jahon sogʻliqni tashkiloti rVSV-ZEBOV vaksinasining ikki yil davom etgan sinovi virusning Gʻarbiy Afrikada tarqalgan variantidan samarali himoya qila olishini koʻrsatganini eʼlon qildi. Vaksina samarali deb topildi va ayni damda virusdan himoyalanish uchun koʻrish mumkin boʻlgan yagona choradir; shuning uchun ham vaksinaning 300 000 dozalik zaxirasi tayyorlandi.[18][19] 2019-yilda rVSV-ZEBOV vaksinasidan foydalanish uchun rasmiy ruxsat berildi.[20][21]
2021-yil mart oyi holatiga koʻra, Afrikaning ikki mamlakati — Gvineya va Kongo Demokratik Respublikalarida ebolaga chalinganlar soni 29 nafarni tashkil etib, bundan 13 nafari vafot etgan. Afrika Ittifoqi ixtisoslashtirilgan sogʻliqni saqlash agentligining ma’lum qilishicha, ushbu mamlakatlarda oʻlim darajasi 45 foizni tashkil etgan[22].