Diego Velázquez asarlari roʼyhati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Ispan rassomi Diego Velázquezning (1599—1660) ijodiy merosiga koʻplab portretlar, kundalik mavzulardagi asarlar, tarixiy, diniy va mifologik mavzular kiradi[1]. 1617-yildan 1660-yilgacha Velázquez tomonidan yaratilgan rasmlar roʻyxati uning hayoti va ijodiy joylari bilan bogʻliq boʻlgan davrlarga boʻlingan. Bu Velázquezning oʻqishni tugatgandan soʻng Sevilyadagi rassomlar gildiyasiga qoʻshilishdan Madridda vafot etguniga qadar davrni oʻz ichiga oladi.
Velázquez Ispaniya qiroli Filipp IVning saroy rassomi boʻlib faoliyat yuritgan. Dunyoning faqat oʻn bir mamlakatidagi muzeylarda: Avstriya, Braziliya, Buyuk Britaniya (Angliya, Shotlandiya), Vengriya, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, AQSh va Fransiya — oʻz kolleksiyalarida Velázquez rasmlari mavjud. Uning rasmlarining eng katta toʻplami (50 ga yaqin) Madriddagi Prado muzeyidan[2] joy olgan. Venadagi Sanʼat tarixi muzeyi oʻz toʻplamida sovgʻa sifatida olgan ispan qirollarining bir qancha durdona asarlarini saqlaydi. Velázquezning asarlari, shuningdek, Londondagi Milliy galereya va Vellington muzeyida, Drezdendagi Eski ustalar galereyasida, New-Yorkdagi Metropolitan sanʼat muzeyida va Bostondagi Tasviriy sanʼat muzeyida namoyishga qoʻyilgan. Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida rassomning uchta surati mavjud. Diego Velázquezning rasmlarini tasniflash muammosi bugungi kungacha eng qiyinlardan biri boʻlib qolmoqda. Agar 1883-yilda rassom asarlarining sanʼatshunos va tadqiqotchi olimi Charlz Boyd Kertis 228 ta rasm haqida maʼlumotlar yozgan boʻlsa, uning hamkasbi Jose Lopes-Rey 1979-yilda 123 ta rasmni va 1986-yilda sanʼatshunos Jonatan Braun 98 ta suratni tavsiflagan[3]. Rassomning faqat bir nechta asarlarida birinchi egasidan oxirgi egasigacha boʻlgan aniq maʼlumotlar mavjud. Velázquez rasmlarining koʻplab nusxalari va talqinlari uning shogirdlari tomonidan chizilgan, ular orasida uning kuyovi Juan Bautista Martines de Masoni[4] asosiy oʻringa ega boʻlgan. Quyidagi roʻyxatni tuzishda asosiy manba rassomning 1999-yilda nashr etilgan soʻnggi asarlari kataloglaridan biri boʻlgan. Bu Miguel Moran Turina va Isabel Sanches Kevedoning „Velázquez: toʻliq katalog“ (ispancha: Velázquez: catálogo completo) kitobi boʻlib, unda rassomning 123 ta rasmi batafsil tavsiflangan. Roʻyxat shuningdek, ushbu katalogga kiritilmagan, ammo rassom ijodining taniqli zamonaviy tadqiqotchilari va ushbu sohadagi taniqli mutaxassislar, sanʼatshunoslar Jose Lopes Rey va Jonatan Braunning Diego Velázquez asarlari roʻyxatida mavjud boʻlgan rasmlarini ham oʻz ichiga oladi. Roʻyxatga soʻnggi yillarda topilgan va rassomga tegishli boʻlgan bir nechta rasmlar ham kiritilgan.