Antik falsafa
From Wikipedia, the free encyclopedia
Antik falsafa — falsafaning Antik davrda oid qismi. Qadimgi yunon va Qadimgi Rim falsafasi qismlariga bo'linadi va dastlabki mumtoz falsafa davridan milodiy 529-yilda Vizantiya imperatori Yustinian I buyrug'i bilan Afinadagi so'nggi falsafiy maktab yopilguniga qadar davom etgan. An'analarga ko'ra, dastlabki antik faylasuf Fales, so'nggisi esa Boetsiy hisoblanadi.
Antik falsafa qadimgi yunon donishmandligi va orfizmi an'analari asosida shakllangan bo'lib, uning shakllanishiga Misr, Mesopotamiya va boshqa Qadimgi Sharq mamlakatlarida mavjud donishmandlik va kohinlik ko'rinishlari ta'sir qilgan. Avvaliga mifologik tasavvurlar qurshovida bo'lgan qadimgi yunon tafakkuri keyinchalik o'z predmeti va metodlariga ega alohida faoliyat sohasi sifatidagi falsafa tushunchasining ishlab chiqilishiga sabab bo'ldi, Xristianlik dinining yuzaga kelishiga katta ta'sir ko'rsatdi, umumiy hisobda G'arb sivilizatsiyasi taraqqiyotining tamal toshlaridan biri bo'lmish oqilona fikrlashning asoslaridan birini yaratdi va ijtimoiy ongning o'ziga xos shakllaridan biri bo'lib yetishgan ilm-fanning yaralishiga asos bo'ldi.