Anneksiya
From Wikipedia, the free encyclopedia
Anneksiya (lotincha: annectere → eski fransuzcha: annexer → inglizcha: annex — birlashtirish, qoʻshilish) — boshqa bir davlat hududini butunlay yoki qisman egallab olish yoki oʻz davlatiga qoʻshib olish siyosati. Hozirda anneksiya agressiyaning bir turi va xalqaro huquqning buzilishi hisoblanadi.
Koʻp hollarda anneksiya qilingan taraf birlashayotgan ikki tarafning kichikrogʻi, chetroqda joylashgani yoki siyosiy jihatdan kuchsizrogʻi boʻladi. Anneksiya deganda yana anneksiya qilayotgan tarafning kuch ishlatgani, ekspansiya yoki unilateralizm siyosatini amalga oshirgani tushuniladi. Shuning uchun „anneksiya“ atamasi oʻrniga koʻpincha „qoʻshilish“, „birlashish“ kabi evfemizmlar ishlatiladi.
Anneksiyada odatda bir mamlakat oʻziga tegishli boʻlmagan hududni bir tomonlama bosib oladi. Bundan keyin anneksiya boshqa xalqaro organlar orqali (masalan, boshqa mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar orqali) qonunlashtiriladi.
Ikkinchi jahon urushi davrida anneksiyaning keng qoʻllanilishi koʻp xalqlarning harbiy okkupatsiyani tartibga soluvchi xalqaro huquqlaridan ajralishlariga olib keldi. Toʻrtinchi Jeneva konvensiyasi mualliflari mamlakatlarning anneksiya yordamida xalqaro huquqlarni poymol qilishlari oldini olishga alohida eʼtibor berishgan.