2012-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari uchun takliflar
From Wikipedia, the free encyclopedia
2012-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari va 2012-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlariga[a] mezbonlik qilish uchun toʻqqizta shahar tomonidan topshirilgan arizalar Xalqaro olimpiada qoʻmitasi (XOQ) tomonidan qabul qilinadi. Qoʻmita ulardan beshtasini – London, Madrid, Moskva, Nyu York va Parij shaharlarini saralangan qisqa roʻyxatga kiritadi, keyinchalik esa ular orasida London shahri gʻalaba qozonadi va Olimpiada tarixida 3-marotaba ushbu nufuzli musobaqaga mezbonlik qiluvchi shaharga aylanadi[1]. 2012-yilgi Olimpiada oʻyinlarini oʻtkazish uchun daʼvogarlik qilish jarayoni XOQ tarixidagi eng qizgʻin bahslardan biri hisoblanadi[2]. Saralash jarayoni davomida baʼzilar Parijni musobaqa oʻtkazilishi uchun eng munosib shahar deya koʻrsatadi[3], ammo London tarafdorlari tomonidan ishlatilgan mohirona usullar va Sebastian Coening ilhomlantiruvchi yakuniy taqdimoti ushbu taklifning muvaffaqiyatli tasdiqlanishiga sabab boʻladi[1].
Qoʻmitaga kelib tushgan toʻqqizta shahar arizalari XOQ aʼzolari tomonidan texnik jihatdan baholangach, ular ichidan eng yaxshi beshta shahar 2004-yil 18-mayda rasmiy nomzodlar roʻyxatiga kiritiladi. Qolgan shaharlar – Gavana, Istanbul, Leipzig va Rio-de-Janeyro tomonidan topshirilgan arizalar esa rad etiladi[4]. Beshta nomzod shahardan toʻrttasi dunyoga mashhur milliy poytaxt shaharlar boʻlganligi sababli ham koʻpchilik yakuniy tender bosqichi natijalariga katta qiziqish bildiradi. Dastlab Parij va Madrid shaharlari ariza topshirish bosqichida eng yuqori ballarni qoʻlga kiritadi, 2005-yil boshida oʻtkazilgan nomzod shaharlarni sinchiklab baholash ishlari esa aynan Parij va Londonni finalga yaqinlashtiradi. Raqobat yakuniy ovoz berish jarayonlari yaqinlashgani sari keskinlashib boraveradi. Olimpiada oʻyinlari uchun mezbonlik qiluvchi shaharni tanlab olish toʻrt bosqichdan iborat saylov jarayonlarida hal qilinadi. 2005-yil 6-iyulda (XOQning Singapurda boʻlib oʻtgan 117-sessiyasida) Moskva, Nyu York va Madrid nomzodlari birinchi uch bosqichning oʻzida roʻyxatdan chiqarib yuboriladi. Yakuniy toʻrtinchi bosqichda London Parij ustidan toʻrt ovoz farqi bilan gʻalaba qozonadi va 2012-yilgi Yozgi Olimpiada va Paralimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilish huquqini qoʻlga kiritadi.
Saylovdan keyingi bir oy ichida „Parij 2012“ delegatsiyasi aʼzolari „London 2012“ delegatsiyasi XOQ qoidalarini buzgan deya shikoyat bildiradi. Unga koʻra, „London 2012“ delegatsiyasining Olimpiadadagi ishtirokini muvaffaqiyatsiz yakunlagan sportchilarni ham ragʻbatlantirish tashabbusi va Britaniyaning oʻsha paytdagi Bosh vaziri Tony Blairning saralash davomidagi ayrim harakatlari ayblovning asosiy mazmuni boʻlgan[5]. XOQ prezidenti Jacques Rogge tomonidan berilgan ochiq bayonotda Londonga qoʻyilgan barcha ayblovlar rad etiladi va saylov adolatli oʻtgani taʼkidlanadi[6]. Bundan tashqari, tender jarayonida yana bir mojaro yuzaga keladi. Britaniyaning "Panorama" koʻrsatuvi tomonidan olib borilgan maxfiy tergov natijasida XOQ aʼzosi Ivan Slavkov va moliyaviy xizmatlar evaziga XOQ aʼzolarining saylovda ular foydasiga ovoz berishlarini taklif qilgan Olimpiada agentlari oʻrtasidagi korrupsiya mojarosi fosh etiladi[7]. Shu vaqtga qadar Salt Lake City mojarosi taʼsirida boʻlib ketayotgan XOQ, qoidalarni buzgan ushbu shaxslarga nisbatan zudlik bilan jazo choralarini koʻradi[8].