1952-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlari
From Wikipedia, the free encyclopedia
1952-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlari, rasman VI qishki Olimpiya oʻyinlari (norv.: De 6. olympiske vinterleker), shuningdek, Oslo 1952 nomi bilan ham ataluvchi, 1952-yilning 14-fevralidan 25-fevraliga qadar Norvegiya poytaxti Oslo shahrida oʻtkazilgan Qishki Olimpiada oʻyinlari.
Mezbon shahar | Oslo, Norvegiya |
---|---|
Millatlar | 30 |
Atletlar | 694 (585 nafar erkak, 109 nafar ayol) |
Musobaqalar | 4 ta sport turi boʻyicha 22 ta sport musobaqalari (8 disciplines) |
Ochilish | 14-fevral 1952-yil |
Yopilish | 25-fevral 1952-yil |
Marosimini ochib beruvchi |
Princess Ragnhild |
Cauldron |
Eigil Nansen |
Stadion | Bislett Stadium |
Winter ← 1948-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlari 1956-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlari → Summer ← 1948-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari 1952-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari → |
Navbatdagi qishki Olimpiada oʻyinlarining aynan Oslo shahrida oʻtkazilishi haqidagi muzokaralar 1935-yildayoq boshlanadi. Shahar dastlab 1948-yilgi Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilish istagini bildiradi, biroq Ikkinchi jahon urushi tufayli ushbu oʻyinlarni oʻtkazishning iloji boʻlmaydi. Keyinchalik esa Oslo 1952-yilgi musobaqalarni oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritadi. Ushbu Olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qilish boʻyicha Italiyaning Kortina-d’ampetsso va Amerika Qoʻshma Shtatlarining Lake Placid shaharlari ham oʻz nomzodliklarini qoʻyishadi, biroq yakunda Oslo shahri ushbu imkoniyatga ega boʻladi. Olimpiada oʻyinlaridan joy olgan deyarli barcha musobaqalar oʻtkaziluvchi sport inshootlari poytaxt shahar Osloda joylashgan boʻlib, birgina togʻ changʻi sporti boʻyicha oʻyinlar poytaxtdan 113 km (70 mi) uzoqlikda joylashgan Norefjell togʻ tizmalarida boʻlib oʻtadi. Matbuot aʼzolari va musobaqaning hurmatga sazovor mehmonlari uchun yangi mehmonxona, sportchilar va murabbiylar uchun esa uchta yotoqxona qurilib, birinchi zamonaviy sportchilar shaharchasi yaratiladi. Oslo shahri ushbu Olimpiada oʻyinlari uchun zarur barcha moliyaviy mablagʻni qoplashni oʻz zimmasiga oldi. 1952-yilgi Qishki Olimpiya oʻyinlari aynan shu yili Finlandiyaning Helsinki shahrida boʻlib oʻtuvchi Yozgi Olimpiya oʻyinlari oldidan Shimoliy Yevropada ketma-ket oʻtkazilgan ikki Olimpiya oʻyinlarining birinchisi boʻlgan.
1952-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlarida 30 ta mamlakatdan 694 nafar sportchi ishtirok etadi, sportchilar jami toʻrtta sport turi boʻyicha 22 ta musobaqalarda bahs olib boradilar[1]. Ikkinchi Jahon urushidan keyin Yaponiya va Germaniya davlatlari 1948-yilgi oʻyinlarni oʻtkazib yuborishga majbur boʻladilar, biroq ikkala shahar ham Osloda oʻtkazilgan Qishki Olimpiya musobaqalarida ishtirok etish uchun tashrif buyuradi. Sharqiy Germaniya yagona jamoa sifatida qatnashishdan bosh tortganidan soʻng, Germaniya nomidan oʻyinlarda faqatgina Gʻarbiy Germaniya sportchilari ishtirok etishadi. 1952-yilgi Olimpiada oʻyinlari Portugaliya va Yangi Zelandiya uchun debyut musobaqa hisoblanib, ayol sportchilarga ilk bora changʻi sporti boʻyicha musobaqalarda qatnashishga ruxsat beriladi.
Norvegiyalik yuk mashinasi haydovchisi Hjalmar Andersen konkida uchish boʻyicha toʻrtta musobaqaning uchtasida gʻalaba qozonib, 1952-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlarida eng yuqori natija koʻrsatgan sportchiga aylanadi. Germaniyalik sportchilar bobsley boʻyicha ikki va toʻrt kishilik musobaqalarda gʻalaba qozonib, qishki Olimpiada oʻyinlaridagi nufuzini qayta tiklab oladi. Amerikalik Dick Batton figurali uchish boʻyicha sport faoliyati davomida ketma-ket ikkinchi marotaba Olimpiada chempionligini qoʻlga kiritish maqsadida musobaqa ishtirokchilari orasida birinchi boʻlib uch hatlab sakrash mashqlarini amalga oshiradi. Qishki sport turlari orasida mashhur hisoblangan koptokli xokkey sporti ham ushbu oʻyinlar safidan joy oladi, biroq faqatgina uchta Shimoliy Yevropa mamlakatlarigina oʻyinlarda ishtirok etishadi. Norvegiya davlati medallar soni boʻyicha umumiy hisobda 16 ta, shulardan 7 ta oltin medal bilan yetakchilikni qoʻlga kiritadi. 1952-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlari navbatdagi musobaqalarni qabul qilib oluvchi shaharga Olimpiada oʻyinlari bayrogʻini topshirish marosimi bilan yakunlanadi.