Encyclopædia Britannica
From Wikipedia, the free encyclopedia
„Encyclopædia Britannica“ (talaffuzi: Insayklopidiya britennika; lotincha „Britaniya ensiklopediyasi“ degani; inglizcha: „British Encyclopaedia“) — inglizcha universal ensiklopediya. „Encyclopædia Britannica“ Encyclopædia Britannica, Inc. kompaniyasiga tegishlidir. Ensiklopediya 100 ga yaqin muharrir tomonidan muntazam tahrirlanib va yangilanib turadi. Bundan tashqari, 4 000 dan oshiq ko'ngillilar hissa qoʻshib boradi. Bular orasida 110 Nobel mukofoti sovrindori va besh AQSh prezidenti ham bor. „Encyclopædia Britannica“ ingliz tilidagi eng ishonchli ilmiy ensiklopediyalardan biri hisoblanadi.[1] 2011-yildan beri faqat elektron ensiklopediya oʻlaroq chop etiladi.
Britannicaning logotipi | |
Asl nomi | Encyclopædia Britannica |
---|---|
Muallif(lar) | 4 441 hissa qoʻshuvchi |
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | ensiklopediya |
Nashriyot | Encyclopædia Britannica, Inc. |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 1768-2010 (bosma) |
Sahifalar soni | 32 640 (15-nashr, 2010) |
„Britannica“ bugungi kungacha muntazam chop etilib kelinayotgan eng eski inglizcha ensiklopediyadir. Birinchi marta „Encyclopædia Britannica“ 1768 - 1771-yillarda Edinburgda uch jildda chop etilgan. Vaqt oʻtishi bilan ensiklopediyaning hajmi oʻsdi: ikkinchi nashri 10 jildli boʻldi. Toʻrtinchi nashriga kelib (1801 - 1810) jildlar soni 20 taga yetdi. Ensiklopediyaning mavqei koʻtarilib bordi. „Britannica“ning 9- (1875 - 1889) va 11- (1911) nashrlari ilmiy hamda badiiy uslubi jihatdan ingliz adabiy tilining yuksak namunasi sifatida baholangan.
11-nashrga kelib „Britannica“ Amerika firmalari qoʻliga oʻtib ketdi. Natijada, Shimoliy Amerika bozoriga mos tarzda, ensiklopediyaning hajmi qisqartirildi, shuningdek, maqolalar soddalashtirildi. 1933-yili „Britannica“ga ensiklopediyalar tarixida birinchi marta muntazam tahrirlanish tartibi joriy etildi: har bir maqola belgilangan vaqtda yangilanib, butun ensiklopediya muntazam ravishda yangi nashrlarda chop etila boshlandi.
2012-yil martida Encyclopædia Britannica, Inc. ensiklopediyaning bosma nashri toʻxtatilganini eʼlon qildi. Buning oʻrniga endi „Britannica“ning onlayn nusxasi boʻlmish „Encyclopædia Britannica Online“ga eʼtibor qaratildi. „Britannica“ning oxirgi bosma nashri 2010-yil chiqqan 32 jildli nashridir.[2]
„Britannica“ning 15-nashri uch qismdan iborat: qisqa maqolalardan iborat 12 jildli „Micropædia“ (750 tadan kam soʻz), uzun maqolalar kiritilgan 19 jildli „Macropædia“ (2 sahifadan 310 sahifagacha) va bilimning qisqa iyerarxik tavsifini beruvchi bir jildli „Propædia“. „Micropædia“ biror faktni tezda koʻrib olish uchun moʻljallangan hamda „Macropædia“dan foydalanish uchun qoʻllanma vazifasini oʻtaydi; „Propædia“ berilgan mavzuning ilmdagi oʻrnini koʻrsatish uchun va yana boshqa shu mavzuda batafsil yozilgan maqolalarga yoʻnaltirish uchun moʻljallangan.
„Encyclopædia Britannica“ hajmi oxirgi 70 yilda deyarli bir xil boʻlib keldi: yarim million mavzuda deyarli 40 million soʻz. Ensiklopediya 1901-yildan beri AQSHda chop etilayotgan boʻlsa ham, „Britannica“da maqolalar ingliz tilining britan lahjasida nashr qilinmoqda.